Hamdo’stlik
Hamdo’stlik (1947 yilgacha Britaniya Millatlar Hamdo’stligi) — Buyuk Britaniya va uning sobiq ko’pgina dominionlari hamda mustamlakalaridan iborat birlashma. Hamdo’stlikning huquqiy maqomi 1931 yil Vestminster statuti bilan belgilab berilgan (1947 yil aniqlik kiritilgan). Unda Hamdo’stlikga a’zo davlatlarning o’zaro hamda Britaniya bilan munosabatlari, ularning ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham mustaqil va tenghuquqli davlat sifatida faoliyat yuritishi o’z ifodasini topgan. 1971 yil Singapurda imzolangan Hamdo’stlik printsiplari to’g’risidagi Deklaratsiya Hamdo’stlik konsensus tamoyillari asosida ish olib boruvchi ixtiyoriy birlashma ekanligini tasdiqladi. Hamdo’stlik 30 respublika va 21 monarxiyadan tashkil topgan. 16 monarxiya davlat boshlig’i sifatida Buyuk Britaniya qirolini tan oladi, bu mamlakatlarda general gubernator qirol nomidan ish ko’radi; 5 monarxiya o’z qiroliga ega. Buyuk Britaniya monarxi Hamdo’stlik boshlig’i va uning ramzi hisoblanadi. Hamdo’stlik mamlakatlari har yili konferentsiya o’tkazadilar. Hamdo’stlik Kotibiyati mavjud. Buyuk Britaniyada hukumat tarkibida Hamdo’stlik ishlari bo’yicha vazir bor.