Shirinbeka og’o maqbarasi

Shirinbeka og’o maqbarasi — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (14-asr oxiri); Shohizinda tarkibida. Amir Temurning singlisi Shirinbeka og’oga atab qurilgan. Maqbara ravog’i ichidagi arabiy bitikda muhim tarixiy hujjat saqlangan (tarjimasi): «bu qabr Malikai muazzama, Mukarrama Shirinbeka og’o Tarag’ay (bek) qiziniki. Ravzasini Alloh nurli etsin. Sana 787» (milodiy 1385/6). Maqbara peshtoqgumbazli, bir xonali (ziyoratxona, 6,2×6,2 metr), xona to’rida daxma bor. Ziyoratxona tagida kichikroq Sardoba — go’rxona joylashgan. Maqbaraning bosh tarzi serhasham koshinkori bezatilgan, turli naqsh va yozuvlar qoldig’i saqlangan (qolgan tarzlari bezaksiz). 4 mehrobiy ravoq ustiga gumbaz bog’langan; gumbazning naqshlari sopol koshin va g’ishtchalardan terilgan, ranglar uyg’unlashib, juda nafis va serhasham ko’rinadi. Ichki devorlariga tilla halli islimiy naqshlar, qushchalar, manzaralar tasviri ishlangan. Kesma koshin ishlatilgan dastlabki yetuk inshoot bo’lgan Shirinbeka og’o maqbarasi shaklu shamoyili, bezaklari jihatidan 14-asr 90-yillarida erishilgan me’moriy yuksalishning mukammal namunasi sifatida qadrlidir.