Shisha qoliplash mashinasi

Shisha qoliplash mashinasi — shisha bo’tqasi (massasi)ni har xil shaklli qoliplarga quyib (shtamplab, presslab, prokatlab, cho’zib, puflab va boshqalar usullarda) shisha buyumlar olish uchun mo’ljallangan qurilma. Bunda ishlatiladigan shisha bo’tqasining qovushqoqligi 1024107 NS/m2 (1ns/m2=10 pauz), temperaturasi 700-1000° bo’lishi lozim. Masalan, shisha taxta (oyna) olish uchun shishani tik (vertikal) cho’zadigan Shisha qoliplash mashinasi ishlatiladi. Unda qayiqsimon idish (vanna) dagi tirqishdan kiradigan yoki erkin qalqib turgan qaynoq shisha bo’tqasi uzluksiz tarzda yuqoriga (vertikal tarzda) cho’ziladi. Natijada eni 2,5—3 metr, qalinligi 2— 6 millimetrli lenta hosil bo’ladi. Bu lenta asbest valiklar yordamida mashina shaxtasi orqali o’tib «pishadi», keyin zarur o’lchamda kesilib, maxsus idishlarga taxlanadi. Shisha taxta gorizontal cho’zish va prokatlash usulida ham tayyorlanadi. Shishabloklar, me’morlik bezaklari, shisha suv o’lchash idishlari, bankalar, butilkalar, kolbalar va boshqalar shisha buyumlar presslashpuflash va puflash usullarida olinadi. Masalan, presslashpuflash mashinasida keng bo’g’izli shisha idishlar tayyorlanadi. Bunda xomaki va toza qolipga suyuq shisha portsiyasi solinadi, presslash usulida zagotovka (xomaki buyum) tayyorlanadi va bo’g’ziga shakl beriladi, keyin zagotovka toza qolipga o’tkaziladi, puflash usulida u tayyor buyum holiga keltiriladi. Tor bo’g’izli idishlar (shisha banka, kolba va boshqalarlar) puflash mashinasida olinadi. Unda zagotovka ham, tayyor buyum ham siqilgan havo yordamida puflama usulda olinadi. Ba’zan idishlarning bo’g’zi vakuum (havoni so’rib olish) usulida hosil qilinadi. Oldingisi fiderli, keyingisi vakuumli Shisha qoliplash mashinasi deb ataladi.