Shimoliy Irlandiya, Olster

Shimoliy Irlandiya, Olster — Buyuk Britaniyaning ma’muriy-siyosiy qismi. Irlandiya orolining shimoliy Sharqiy qismida joylashgan. Maydoni 14,2 ming km2. Aholisi 1675 ming kishi (1997). Asosiy shahri — Belfast. Ma’muriy jihatdan 26 okrugga bo’lingan. Shimoliy Irlandiyaning 20-asr boshlarigacha bo’lgan tarixi Irlandiya tarixi bilan uzviy bog’liq. Bu hududda odamlar miloddan avvalgi 6-ming yillikdan, kelt qabilalari esa miloddan avvalgi 4-asrdan yashay boshlagan. Ilk o’rta asrlarda bu hudud mustaqil olster irland Qirolligining tarkibiga kirgan. 12-asr oxirida rasman ingliz taxtiga tobe bo’lgan bo’lsa ham amalda hokimiyat klan qabilasi boshliklari qo’lida bo’lgan. 16-asrda Irlandiya hududining barcha qismida Angliya hukmronligi o’rnatilgach, hozirgi Shimoliy Irlandiya hududi Olster viloyati tarkibiga kirgan. 1919-21 yillardagi irland xalqining inglizlarga qarshi olib borgan milliy ozodlik urushi natijasida 1921 yil imzolangan Angliyairlandiya shartnomasiga ko’ra, Buyuk Britaniya Irlandiyaning katta qismiga dominionlik huquqini berdi (1949 yildan Irlandiya Respublikasi), ammo Shimoliy Irlandiya hududidagi hukmronligini saqlab qoldi. Irlandiyaning ana shu ajratib olingan qismida rasman Buyuk Britaniya va shimoliy Irlandiya Qo’shma Qirolligi tarkibida Muxtor viloyat (shimoliy Irlandiya) tashkil etildi.