Shyonberg Arnold

Shyonberg Arnold (1874.13.9, Vena 1951.13.7, Losanjeles) — Avstriya kompozitori, musiqa nazariyotchisi, pedagog, dirijyor va rassom. Yangi Vena maktabi va dodekafoniya asoschisi, musiqiy ekspressionizmning yirik vakili. Ijodini Yevropa klassik musiqasiga tayangan holda boshlagan. 1901 yil pedagogik faoliyatini boshlab 30 dan ortiq (A.Berg, A.Vebern, X.Eysler kabi) shogirdlar etishtirgan. 1903 yildan Venada, 1925 yildan Berlinda yashagan va kompozitor, dirijyor, pedagog, shuningdek, xor jamoalari tashkilotchisi va badiiy rahbari sifatida tanilgan. 1930-yillar boshida antifashistik harakatni qo’llab quvvatlagan, o’zi va shogirdlari tazyiqqa uchraganidan so’ng 1934 yildan AQShda yashagan. Ijodiy yo’li 3 bosqich — tonal (1899-1908), atonal (1909-22) va serial (1923-50) davrlarga bo’linadi. Ilk davrning yetuk asarlari: «Gurre qo’shiqlari» oratoriyasi, «Pelleas va Melizanda» simfonik poemasi, ovoz va orkestrga mo’ljallangan «olti qo’shiq» (ulardan «g’azal» nomlisida Shyonberg qadimgi fors she’riyati va Sharqiy musiqiy uslubga taqlid qilgan). 2-davrdagi «kutish» (operamonodrama), «baxtli qo’l» (musiqali drama) va, ayniqsa, «oyparast Pero» (melodrama) kabi asarlarida tonallik tizimidan voz kechib, atonal musiqa tamoyillarini erkin ravishda namoyish etgan. So’nggi davrga o’tish jarayonida, ayni atonallikni muayyan qoidalariga bo’ysundirish maqsadida — dodekafoniya nomini olgan (Shyonberg ta’birida — 12 tonli kombinasiya) kompozitorlik texnikasini kashf etib, «Napoleonga oda» (1942), «Varshavada omon qolgan» (1947) va boshqalar asarlarida samarali natijalarga erishgan. Umrining so’nggi yillarida diniy mavzularda yirik asarlar yaratgan. Musiqiynazariy va estetik qarashlari «garmoniyaga oid ta’limot», «Uslub va g’oya» kitoblari, bir nechta darsliklarida bayon etilgan. Ad. Zarubejnaya muzika XX veka. Materialni dokumenti, M., 1975. To’xtasin Gafurbekov.