Shahar vodoprovod tarmog’i

Shahar vodoprovod tarmog’i — shahar suv ta’minoti tizimining asosiy qismlaridan biri; muayyan shahar hududidagi suv iste’mol qilinadigan joylarga suv yuboriladigan vodoprovod tarmog’i. Iste’molchilarni suv bilan bir me’yorda va uzluksiz ta’minlash uchun tashkil qilinadi. Buning uchun Shahar vodoprovod tarmog’i mavzelar bo’yicha berk konturhalqalar shaklida quriladi. Shahar vodoprovod tarmog’i magistral liniyalar va taqsimlash tarmoqlariga bo’linadi. Ko’chalarga yotqiziladigan magistral vodoprovod tarmog’i liniyalariga iste’molchilar (binolar, inshootlar va boshqalar)ga o’tkaziladigan taqsimlash tarmoqlari ulanadi. Quvurlar vodoprovod tarmog’idagi zarur bosim kuchiga, yer tuprog’ining qattiq-yumshoqligiga, quvur yotqizish usuli va iqtisodiy omillarga qarab tanlanadi. Yer ostiga yotqiziladigan quvurlar cho’yan, po’lat, asbestsement, plastmassa va boshqalardan tayyorlanadi. Quvur yotqizish chuqurligi tuproqning muzlash darajasiga, suvning temperaturasiga va tarmoqning ish rejimiga bog’liq. Masalan, Toshkent shahri uchun bu chuqurlik 2,5 metrni tashkil etadi. Shahar vodoprovod tarmog’i zulfin va ventillar, suv olish qurilmalari — o’t o’chirish gidrantlari bilan jihozlanadi. Gidrant va zulfinlar maxsus quduqlarga o’rnatilib, metall qopqoqlar bilan yopiladi. Shahar vodoprovod tarmog’ida (aholi yashaydigan joylarda) suv bosimi 6 at dan oshmasligi lozim. Alohida ko’p qavatli binolarga yetarli bosimda suv berish uchun nasos styasi o’rnatiladi, avariya vaqtida vodoprovod tarmog’ining shikastlangan qismidagi suv to’xtatiladi; bunda tarmoqning boshqa liniyalariga keladigan suv to’xtatilmaydi. O’t o’chirish uchun mo’ljallangan vodoprovod tarmoqlari halqa shaklida quriladi. Shahar vodoprovod tarmog’ini, ayniqsa, halqasimon tarmoq va bir necha nasos styalaridan suv oluvchi tarmoqni hisoblash juda qiyin va mu-rakkab bo’lgani uchun kompyuterlardan foydalaniladi.