Shaqpaqti (chaqmoqli) gaz koni
Shaqpaqti (chaqmoqli) gaz koni — Qoraqalpog’istonning Qo’ng’irot tumanidagi kon. Qo’ng’irot shahridan 220 kilometr Janubi g’arbda. 1961 yil ochilgan, 1971 yil foydalanishga topshirilgan. Kon shimoli g’arbdan Janubi sharqqa yo’nalgan, o’lchami 16×8 kilometrli Shaqpaqti antiklinal burmasida joylashgan. Konda jami 14 ta quduq qazilgan, ular yura, bo’r, paleogen va neogen davri jinslarini ochgan. Yura (qalinligi 760-955 metr) hamda bo’r yotqiziqlari (qalinligi 1370-1420 metr) to’q kulrang gil, alevrolit, qumtoshdan tarkib topgan. Paleogen davri jinslari 40— 55 metrli karbonat, qumtosh va mergeldan, neogen yotqiziqlari 100-115 metrli gil va ohaktoshlardan iborat. Shaqpaqti gaz konida gaz yura yotqiziqlarida bo’lib, 8 ta mahsudsor gorizont mavjud. Qumtosh va alevrolit jinslar kollektor vazifasini o’taydi. Gorizontlar 1700— 2230 metr oraliqda ochilgan. Qatlamning dastlabki bosimi 22,7 MPa, gaz debiti kuniga 114,6—510,0 ming/m3. Yura va bo’r yotqiziqlaridagi suvning minerallashganligi 125-205 g/l. Kondan foydalanilmoqda.