Sharqiy Yevropa tekisligi
Sharqiy Yevropa tekisligi — yer sharidagi eng katta tekisliklardan biri, asosan, Yevropaning Sharqiy qismida joylashgan. Shimolda Oq va Barents dengizlari, Janubda qora, Azov va Kaspiy dengizlari, shimoli g’arbda Skandinaviya tog’lari, G’arb va Janubi g’arbda Markaziy Yevropadagi tog’lar va Karpat tog’lari, Janub, janubisharqda Qrim va Kavkaz tog’lari, Sharqda Ural va Mug’ojar tog’lari bilan chegaradosh. Tekislikning o’rtacha balandligi 170 metr. Shimoliy Muz, Atlantika okeanlari va ichki berk havza suvayirg’ichidir. Eng past qismi janubida — Kaspiy dengizi sohilida. Tekislikda bir qancha deyarli Meridian bo’ylab cho’zilgan qirlar (Manselkya, Suomenselkya, G’arbiy Kareliya, Valday, Belorus, Smolenskmoskva, Volinpodoliya, O’rta Rossiya, Volgabo’yi, yuqori Zavolje, Timan kryaji va boshqalar) va pasttekisliklar (Dnepr bo’yi, Oka-Don, Quyi Zavolje, Azov bo’yi, qora dengiz bo’yi, Kaspiy bo’yi va boshqalar) joylashgan. Qirlar dengiz sathidan 300— 350 metr baland (Podoliya qirlarining eng baland joyi 471 metr). Suvayirg’ichlar vodiylardan o’rta hisobda 20-60 metr baland. Tekislikning shimol va Markaziy (to’rtlamchi davrda qadimiy muzliklar bosgan) qismlarida yassi suvayirg’ichlar va muzliklar ishi natijasida hosil bo’lgan morena tepaliklari, Janub qismida esa jarlar tarqalgan. Sharqiy Yevropa tekisligi hududida Rossiya Federatsiyasining Yevropa (g’arbiy), Ukrainaning shimol, Sharqiy, Janub, Belorussiya, Polshaning shimoliy g’arbiy, Finlyandiya, Shvesiyaning katta qismi, Norvegiyaning chekka Janubiy Sharqiy qismlari joylashgan. Tektonik tuzilishiga ko’ra, tekislik Sharqiy Yevropa platformasiga deyarli to’g’ri keladi. Zaminida kuchli burmalangan tokembriy qadimiy (arxey, proterozoy) tog’jinslari yotadi. Bu jinslar ko’tarilgan Boltiq va Ukraina qalqonlarida yer yuzasiga chiqib qolgan. Platforma zamini ustida deyarli gorizontal paleozoy, mezozoy va kaynozoy tog’ jinslari joylashgan. Qalqonlardan tashqari Sharqiy Yevropa tekisligida tektonik harakatlar natijasida pasaygan sineklizalar (Moskva, Ukraina, Pechora, VolinPodoliya, Kaspiy bo’yi va boshqalar) va ko’tarilgan anteklizalar (Voronej, Belorus, Volga-ural va boshqalar) tektonik strukturalar mavjud. Foydali qazilmalarga boy. Temir rudasi, toshko’mir, qo’ng’ir ko’mir, neft, gaz, yonuvchi slaneslar, apatit, marganes, oltingugurt, torf, tuzlar, qurilish materiallari qazib olinadi. Tekislik subarktika va mo’tadil iqlim mintaqasida joylashgan. Yanvarning o’rtacha temperaturasi g’arbdan sharqqa shimol qismida -10° dan — 20°gacha pasayadi. Yoz oylari temperatura shimoldan Janubga 8° dan 24° gacha ko’tariladi. Yillik yog’in shimoli sharqida 500-700 mm, Janubi sharqida 200-500 mm. Tekislikdan boshlanuvchi daryolar Oq va Barents (Onega, shimoliy Dvina, Mezen, Pechora va boshqalar), Baltika (Neva, Daugava, Nyamunas va boshqalar), Qora (Dnepr), Azov (Don), Kaspiy (Volga, Ural, Emba) dengizlariga quyiladi. Kelib chiqish jihatidan morena, termokarst, qayir, liman tipiga mansub ko’l (Imandra, Umbozero, Lovozero, Yuqori Volga, Ladoga, Onega, Ilmen, Syamgo, Elton, Baskunchak va boshqalar) ko’p. Sharqiy Yevropa tekisligi hududining shimoliy qismi tundra, o’rmontundra; katta qismi o’rmonlar zonasida, janubrog’i o’rmonli dasht va dasht zonalarida, Kaspiy bo’yi pasttekisligining shim. qismi chala cho’l, Janub qismi cho’l zonasida. Bu zonalarda ularga xos tuproqlar, o’simliklar va hayvonlar tarqalgan. Sharqiy Yevropa tekisligi tabiiy resurslar (foydali qazilmalar, suv, tuproq, yer, o’rmon, yaylov va boshqalar)ga boy. Murod Mamatqulov.