Sharqiy Avstraliya geosinklinal mintaqasi
Sharqiy Avstraliya geosinklinal mintaqasi — Avstraliyaning sharqida joylashgan tinch okean geosinklinal mintaqasining bir qismi, kechki tokembriy — paleozoyning burmalanish mintaqasi. Shimolda Keyp-York yarim orolining Sharqiy qismidan Janubda Tasmaniya oroli bilan qo’shilgan holda 3500 kilometr, eni 1500 kilometrga cho’zilgan. Uning geologik struktura sifatida shakllanishi devon davriga to’g’ri kelgan. Shu vaqt ichida tog’lararo vodiylar va cho’kmalarda ko’plab qizil rangli dag’al toshlar bilan birga effuziv va cho’kindi tog’jinslari qatlamlari hosil bo’lgan. Yangi Angliya qismida qatlamlarning qalinligi 12 kilometrga yetgan, karbon davri oxirlarida va Perm boshlarida bu katlamlar tektonik harakatlarning kuchayishi natijasida, cho’kmalar o’rnida burmalangan geosinklinal strukturalarni paydo qilgan. Ularning yoriqlari orasidan magmalar harakatga kelib granit intruziv jinslarni keltirib chiqargan. Perm davri oxirlarida Sharqiy Avstraliya geosinklinal mintaqasi asta-sekin yemirilib platforma davrini kechirgan. Geosinklinal strukturalari bilan qo’rgoshin, mis, oltin, vismut, polimetall konlari, Perm cho’kindi tog’jinslari bilan bog’liq bo’lgan konlar topilgan.