Sharg’un

Sharg’un (1952 — 1971 yillarda Toqchiyon) — Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi shahar (1973 yildan). Hisor tog’larining yon bag’rida, o’rtacha 450 metr balandlikda, viloyat markazi (Termiz)dan 193 kilometr uzoqlikda joylashgan. Tuman markazi (Sariosiyo) gacha 8 kilometr. Temir yo’l stantsiyasi. Shahar yonidan Sharg’un daryosi oqib o’tadi. Aholisi 12 ming kishiga yaqin (2005). Asosan, ko’mir konida ishlovchilar yashaydi. Sharg’un 1947 yilda Toqchiyon posyolkasi sifatida vujudga keldi. Sharg’unda ko’mir shaxtasi, avtokorxona, qurilish korxonasi, 2 savdo tashkiloti, 2 aktsiyadorlik jamiyati, kichik korxona va firmalar, 13 o’quv muassasasi va boshqalar ishlab turibdi. 3 umumiy ta’lim maktabi, kasb-hunar kolleji, iqtidorli bolalar gimnaziyasi, maxsus maktab internat, bolalar musiqa maktabi, bolalar va o’smirlar markazi bor. 5 kutubxona, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, 2 kasalxona, qishloq vrachlik ambulatoriyasi aholiga xizmat ko’rsatadi.