Ro’za

Ro’za (forscha) — islomdagi 5 ta rukn (majburiyat)dan biri. Ro’za tutish vaqti tong yorishmasdan avval boshlanib, kun botishiga qadar davom etadi. Bu vaqtda yeyish, ichish, jinsiy yaqinlik qilish, noma’qul ishlardan tiyilish zarur. Qur’onda Alloh Muhammad (sav)ga Qur’onni ramazon oyida vahiy qilib yuborgani, har yili shu oyda Ro’za tutish farzligi qayd etilgan (2:183-187). Islomga ko’ra, ramazon oyida Ro’za tutish balog’at yoshiga yetgan, sog’lom musulmonlarga farz qilingan. Homilador, emizikli ayollar, safarda yurganlar, og’ir bemorlar, qiyin sharoitlarda ishlovchilar Ro’za tutishdan ozod etilgan, uni imkoniyat tug’ilganda ado etishlariga ruxsat berilgan. Ro’zaga toqati yetmaydigan keksalar, surunkali bemorlar Ro’za o’rniga fidya sadaqasi berishi (bir miskinni bir marta to’ydirishi) mumkin. Agar bunga qodir bo’lmasa, Allohga istig’for aytadi va duo qiladi. Har bir Ro’zador kishiga Ramazon oyi davomida faqiru miskinlarga xayru ehson qilish, barcha yomon xulq va fe’lu atvorlardan, so’kinish, qarg’ash kabi odatlardan saqlanib yurish shart hisoblanadi. Ro’za hijraning 2-yili farz qilingan, deb sanaladi. Musulmonlar oy taqvimiga rioya etganlari uchun Ro’za yilning turli vaqtlariga to’g’ri keladi. Shuningdek, boshqa vaqtlarda ham, chunonchi, Rajab, Sha’bon va Muharram oylarida Ro’za tutish (Masalan, Ashuro Ro’zasi) ma’qul hisoblanadi. Ular turli xil muddat davom etadi. Ro’za tutish odati qadimgi dinlar va xalqlarda ham turli shakllarda mavjud bo’lgan.