Ruxli o’g’itlar
Ruxli o’g’itlar — tarkibida o’simliklar o’zlashtira oladigan rux bo’lgan mineral yoki organikmineral makroo’gitlar. Ruxli o’g’itlar sifatida rux sulfat, ruxli polimikroo’g’it (PMU7), ruxli kukun hamda tarkibida o’simliklar o’zlashtira oladigan rux bo’lgan sanoat chiqindilari qo’llaniladi. Urug’likni dorilashda va ekinlarni bargi orqali oziqlantirishda rux sulfatning 0,05— 0,1% li eritmasi ishlatiladi. Ruxli polimikroo’g’itlar (PMU7) tarkibida 20-25% rux, 1% MgO, 0,4% MnO, 13% CuO va boshqa elementlar bo’ladi. Urug’likni dorilash hamda mevali ekin maydonlariga gektariga 3-5 kilogramm hisobida solish uchun qo’llaniladi. Ruxli kukun chigit va makkajo’xori doniga 200 g/ts, qand lavlagi urug’iga 500 g/ts, bodring va poliz ekinlari urug’iga 200 g/kg hisobida ekish oldidan ishlov berishda qo’llaniladi. Tuproqning harakatchan rux bilan ta’minlanishini hisobga olgan holda Ruxli o’g’itlar qo’llash qo’shimcha hosilni ta’minlaydi.