ARXIV

ARXIV (lotincha archivum, Yunoncha archeion — muassasa) — 1) hujjatlar saqlanadigan joy; 2) idoralar, tashkilotlar, shuningdek ayrim shaxslar ish faoliyati davomida to’plangan hujjatlar majmui. Qadimgi o’zbek davlatlarida 3-4-asrlardayoq markazlashgan hamda xususiy hujjatxonalar mavjud edi; Temuriylar (14— 15-asr), keyinchalik Qo’qon, Buxoro va Xiva xonliklari davrida saroy arxiv-kutubxonalari bo’lgan. 1919 yil 5 noyabr Turkiston Respublikasi Yagona Davlat Arxiv jamg’armasi (YADAJ) va maorif Xalq komissarligi qoshida Arxiv ishlari Markaziy boshqarmasi (AIMB), 1930 yildan O’zbekiston Markaziy Arxiv boshqarmasi (O’zmab) vujudga keldi. 1931 yilda O’zbekiston YADAJ bo’limlari o’rniga Markaziy arxiv (Ma), O’zbekiston Markaziy Tarix arxivi (O’zmta), 1943 yilda. O’zbekiston kinosurat-ovozli hujjatlar Markaziy Davlat arxivi, 1962 yilda O’zbekiston Markaziy davlat tibbiyot arxivi (1965 yildan O’zbekiston tibbiyot va texnika hujjatlari Markaziy davlat arxivi) tashkil etildi. Arxivlar ishlarini uyg’unlashtirish va boshqarish uchun 1959 yilda O’zbekiston ichki ishlar vazirligi qoshida Arxiv boshqarmasi tuzildi. 1961 yildan mazkur boshqarma Arxivlar Bosh boshqarmasiga aylantirilib, O’zbekiston Ministrlar Sovetiga bo’ysundirildi. 1992 yil 19 iyulda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi deb nomlandi. Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyat Arxivlari hamda muassasalar tasarrufidagi Arxivlar unga bo’ysunadi. O’zbekiston Respublikasida jami 77 davlat Arxivi bo’lib, ularda 6 millionga yaqin hujjatlar, jumladan 360 mingdan ortiq surat hujjatlari, 14 mingga yaqin ovozli hujjatlar, 17,5 mingga yaqin kinohujjatlar saqlanadi (1999). Markaziy davlat arxivida 13-asrdan boshlab shu bugungacha bo’lgan hujjatlar bor. O’zbekiston rassomlarining ishlari O’zbekiston ba badiiy jamg’armasi, shaxsiy guplam va muzeylardan o’rin olgan. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo’qon va boshqa shaharlarda Muqimiy, Furqat, Avaz, Hamza, Ayniy, Muxtor Ashrafiy, Abdulla Qahhor, G’afur G’ulom, Oybek, Hamid Olimjon va boshqalarning ba’zi Arxiv materiallari ular uy-muzeylarida jamlangan. O’zbekistonda Arxivlarni shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlar hamda O’zbekiston Respublikasi Arxiv muassasalari faoliyati O’zbekiston Respublikasining «Arxivlar to’g’risida»gi qonuni (1999 yil 15 aprel) bilan tartibga solinadi. Ushbu qonun O’zbekiston hududida mavjud bo’lgan barcha Arxiv hujjatlarini to’liq qamrab olishga, O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining yaxlitligini saqlab qolishga va fuqarolar, jamiyat va davlatning ijtimoiy, madaniy, ilmiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida Arxiv hujjatlarini hisobga olish, ekspertiza qilish, ro’yxatdan o’tkazish, butlash hamda ulardan foydalanishning yagona tartibini belgilashga qaratilgan. Qonunga ko’ra, hujjatlarda O’zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayoti aks ettirilgan barcha Arxiv fondlarining majmui O’zbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi deb hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi davlat va nodavlat Arxiv fondlaridan tashkil topadi. Davlat Arxivlarida va davlatning boshqa hujjatxonalarida doimiy saqlanayotgan hujjatlar, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, prokuraturalar, sudlar, banklarda, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida, O’zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida vaqtincha saqlanayotgan Arxiv hujjatlari davlat Arxiv fondini tashkil etadi. Nodavlat yuridik shaxslarning faoliyati natijasida to’plangan Arxiv hujjatlari, shuningdek fuqarolarning shaxsiy Arxivlari nodavlat Arxiv fond imi tashkil etadi. Hujjatlarni O’zbekiston Respublikasining Milliy arxiv fondiga kiritish yoki hujjatlarni undan chiqarish ekspert komissiyasining xulosasi asosida amalga oshiriladi. Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash mezonlarini, ekspert komissiyalarini tuzish va ularning faoliyat ko’rsatish tartibini O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi belgilaydi. Arxiv uchun mutaxassis xodimlar Toshkent madaniyat institutida hamda O’zMU tarix fakultetida tayyorlanadi. Ra’noxon Fayziyeva.