Rojasthon

Rojasthon (hindcha — rojalar mamlakati), Rojaston — Hindistonning shim.g’arbiy qismidagi shtat. Maydoni 342 ming km2. Aholisi 56,5 million kishi (2001); 90% hindu diniga, 7% Islomga e’tiqod qiladi. Ma’muriy markazi — Jaypur shahri. Rojasthonning shimoliy qismi Hindgang tekisligida, Janub qismi dekan yassitog’ligida. Shimoli g’arbida tar cho’li bor. Shtatning Markaziy qismidan aravali tog’tizmasi kesib o’tgan (eng baland joyi 1722 metr). Iqlimi tropik, mussonli, shimoli g’arbida quruq iqlim. O’rtacha oylik temperatura yanvarda 14°, mayda 35°. Yillik yog’in Janubda 600-900 mm, shimolda 130 mm. Iqtisodiyotida qishloq xo’jaligi yetakchi o’rinda. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — chorvachilik. Rojasthon hududining cho’l va chala cho’ldan iborat katta qismida qo’y, echki, qoramol, tuya boqiladi. 16 million gektar yerga ekin ekiladi. Asosiy ekinlari: bug’doy, tamaki, makkajo’xori, oq jo’xori, paxta, sholi, moyli ekinlar, shakarqamish. Bog’lar ham bor. Dehqonchilik sug’orishga asoslangan. Chambal daryosiga yirik gidrotexnika inshootlari qurilgan. Foydali qazilmalardan marmar, gips, asbest, osh tuzi, slyuda, lignit, marganes, qimmatbaxr toshlar (Udaypur yaqinida yirik olmos koni) qazib olinadi. Sanoati mahalliy, qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. To’qimachilik, oziq-ovqat (shakarqand, yog’-moy) korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Kustar usulda ip gazlama, movut, gilam to’qiladi, tosh, fil suyagi, bronzadan turli buyumlar tayyorlanadi. Jaypur hunarmandlari yasagan oltin va kumush buyumlar, sovuq qurollar dunyoga mashhur. Kota shahri yaqinida AES qurilgan. Keyingi yillarda zamonaviy sanoat tarmoqlari — mashinasozlik va metallsozlik korxonalari (qo’rg’oshinrux kontsentratlari, mis eritish, aniq priborlar ishlab chiqaruvchi zavodlar) ishga tushirildi. Shtatda tsement, oynashisha, natriy, bo’yoq, o’g’itlar, temir yo’l vagonlari, oltingugurt kislotasi, televizor va sun’iy tola ishlab chiqaruvchi 200 dan ortiq mayda korxona bor. Rojasthon haqidagi ilk ma’lumotlar miloddan avvalgi 3-asrlarga oid. 6-asrdan boshlab rojaliklar tuzila boshlagan. 1025 yil Mahmud G’aznaviy Rojasthonni o’z tasarrufiga kiritgan. G’aznaviylarning Hindistondagi Noibi Baxlim 1120 yilda Rojasthonning g’arbini o’z hukmiga olgan. 11-asrning 30-70-yillarida Kalachuri davlati hukmdori Karna Rojasthonning shimoliy g’arbiy viloyatlarini qo’lga kiritgan. Rojasthon o’z nomini 13— 14-asrlarda Shimoliy Hindistondagi musulmonlarga qarshi kurashda rajput zodagonlarining tayanchi bo’lganda olgan. 13— 19-asrlarda ushbu hudud dastlab Dehli Sultonligi, keyinroq Boburiylar saltanati va marathalar davlatiga tobe bo’lgan. Boburning nevarasi Akbar birinchilardan bo’lib Rojasthon xonlari bilan qarindoshlik aloqalarini o’rnatgan. 1818-1947 yillardagi Angliya mustamlakachiligi davrida Rojasthon 22 rojalik va kichikroq Ajmer provintsiyasidan iborat bo’lgan va Rojaputana deb atalgan. 1956 yilda Rojasthon shtati tuzilgan.