Rokoko

Rokoko (Fransuzcha rococo), rokayl — 18-asr 1-yarmida Yevropa nafis san’atida yuzaga kelgan uslub (bezaklari chig’anoqqa o’xshatib gajaksimon ishlanadi). Dastlab Frantsiyada paydo bo’lgan, keyinchalik Germaniya, Avstriya va boshqa mamlakatlarga tarqalgan. 30-40-yillarda Rokoko eng gullagan davrini boshidan kechirgan. Absolyutizm inqirozi davrida kiborlarga xos bo’lgan xususiyatlar, ya’ni Real hayotdan qochib, soxta teatrlashtirilgan hayot tarziga intilish va boshqalarni o’zida aks ettirgan. Me’morlikda bezakka ta’sir etib, jim-jimadorlikka e’tibor kuchaydi: nozik hoshiyalarga olingan o’yma va bo’rtma naqshlar, o’rama, kartush, rokayl va boshqa keng qo’llanildi; binolarda simmetriya o’rnini asimmetriya, tartibsizlik egallay boshladi. Binolar tashqi ko’rinishi jiddiy va sipo ishlangani holda xonalarni bezashga e’tibor ortdi, bino, uning xonalari uchun olingan nisbatlar ham yengil va nafislikka ega bo’la boshladi, xonaning ichki qismi yengil «pastel» rangida ishlangan naqshlar, afsonalardan olingan kichik suratlar bilan bezatildi, xonalarning burchaklari yo’q qilinib oval shakliga ega bo’la boshladi. Ichki bezaklarda ko’zgularning bezak imkoniyatlari ham hisobga olindi, mebellar ham xona va uning bezagiga moslab tanlandi (me’morlar J. M. Oppener, J. O. Meysone, J. Bofran va boshqalar). Rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik Rokoko asarlari o’ta nafis, nozik sahnalar bir oz o’ynoqi va jim-jimadorligi bilan ajralib turadi. Bezak va dastgoh san’atida namoyon bo’lgan devor, plafon, eshik tepasiga ishlangan tasvirlar, gobelenlar ko’ngil ochishga mo’ljallangan mavzular bilan to’ldirildi; odam qomati bezak bo’lagiga aylana bordi; kompozitsiya qurilishi yengillik, mayinlik xislatini ifodalashga bo’ysundirildi. Rasmlar mavzusi ham birmuncha cheklangan bo’lib, ishq-muhabbat, kiborlarning ko’ngil ochishi va dam olishi, pastoral mavzuda (tabiat qo’ynida erkin, farog’atda yashayotgan cho’pon yigit va qizlar hayotiga bag’ishlangan) asarlar yaratildi, portretlar chizildi (rassomlar F. Bushe, A. Vatto, N. Lankre, J. Fragonar va boshqalar). Haykaltaroshlikda releflar, binolar intererini bezaydigan haykallar (haykalcha, byust, terrakotadan yasalgan naqshlangan yoki sirlanmagan chinnilar) keng o’rin egalladi. Nozik ranglar jilosiga boy Rokoko rangtasviri ham bezak xususiyatiga ega edi. Amaliy san’at ustalari xom ashyoning ifoda imkoniyatlarini nozik ochib bera oldi. 18-asr o’rtalaridan Rokoko uslubi kompozitsiyalarining haddan ortiq murakkabligi, jim-jimadorligi tanqidga uchray boshladi. Rokoko o’rnini klassisizm egallay boshladi.