Rishton neft-gaz koni
Rishton neft-gaz koni — Farg’ona viloyatidagi kon. Shimoliy Rishton antiklinal burmasida joylashgan. Konning geologik tuzilishini dastlab K.P. Kaliskiy o’rgangan (1914), so’ng O.A.Rijkov rahbarligida (1941 yildan) geologik s’yomka ishlari olib borilib, 1950 yilda burmaning Janub qanotida, yuqori bo’r davri yotqiziqlarida gaz borligi aniqlandi. Shimoliy Rishton antiklinal burmasi g’arbdan sharqqa yo’nalgan bo’lib, paleozoy (ohaktosh, slanes), yura (qumtosh, gil), bo’r (ohaktosh, yashil gil, kulrang qumtosh), paleogen (yashil gil, oq ohaktosh, dolomit, qumtosh) yotqiziqlaridan tuzilgan. Burmadagi yotqiziqlarning umumiy qalinligi 1,5 kilometrdan ortiq. Konning yuqori bo’r davriga mansub yotqiziqlarida neft, yuqori va quyi bo’r, yura davrlariga oid yotqiziqlarida gaz mavjud. Kondagi neftning zichligi 776-779 kg/m3, metan turiga mansub; oltingugurt miqdori 0,16%, parafin 5-5,5%. Gazning zichligi 502-750 kg/m3; tarkibida 0,08% vodorod sulfidi, 68,15—89,1% metan, 2,0—17,5% azot va siyrak gazlar, 0,1 — 4,0% karbonat kislotasi bor.