Ribonuklein kislotalar
Ribonuklein kislotalar (RNK) — yuqori molekulali murakkab birikmalar, nuklein kislotalardan biri, monomerlari nukleotidlardan iborat. Har bir nukleotidi tarkibiga uglevod D — riboza, azotli asoslar, adenin, guanin, tsitozin va urasildan biri hamda fosfor kislotasi krldig’i kiradi. Barcha tirik organizmlar va ko’pgina viruslarning muhim komponenti. Irsiy axborotning nasldan naslga o’tishida ishtirok etadi. Ribonuklein kislotalar molekulasining fazoviy strukturasi, asosan, bir ipli polinukleotid zanjirdan iborat bo’lib, tarkibida 75 tadan 10000 tagacha nukleotid qoldig’i bor. Molekulasining ayrim qismlarida azot asoslarining komplementarlik printsipiga binoan qo’sh zanjirlar hosil bo’ladi. Funktsiyasi va strukturasiga ko’ra, Ribonuklein kislotalar ribosomal (rRNK), transport (tRNK), informasiey (iRNK) va kichik molekulali (km RNK)ga ajratiladi. Tirik xujayralarda RNK sintezi DNK matrisasida Rnk polimeraza fermenti yordamida amalga oshadi. Eukariot hujayralarda RNK molekulalari 3 xil RNK — polimeraza ishtirokida sintezlanadi. Sintezlangan DNK matrisasiga komplementar, chunki RNK zanjiridagi nukleotidlar izchilligini DNK matrisasidagi nukleotidlar qatori belgilaydi. Muayyan gen sintezidagi DNKning komplementar 2 zanjiridan faqat bittasi RNK uchun matrisa vazifasini bajaradi. Odatda, RNK molekulalari u sintezlaydigan funktsional molekulalarga nisbatan birmuncha katta molekulyar massaga ega. Hujayradagi RNK sonining 80% ini ribosomal RNK tashkil etadi. Uning molekulyar massasi 1,1 — 1,7 million bo’lib, 4000-6000 mononukleotid qoldig’idan iborat. RNKning bu xili ribosomalarning shakllanishida ishtirok etadi. Shakllangan ribosomalarning 60% massasini rRNK tashkil qiladi. Transport RNK hujayradagi RNKning 15% ini tashkil etadi. U aminokislotalarni oqsil sintezlaydigan ribosomalarga yetkazib beradi. Transport RNKning molekulyar massasi 25000 ga yaqin bo’lib, 60-90 nukleotid qoldig’idan iborat. Transport RNK boshqa RNKga nisbatan yaxshi o’rganilgan. Uning strukturasi beda bargiga o’xshaydi. Har bir aminokislotaning o’ziga xos tRNKsi mavjud bo’lib, aminoasilsintetaza fermenti bilan birga ta’sir ko’rsatadi. Bu ferment o’ziga xos keladigan tRNK va aminokislotani tanish xususiyatiga ega. Ayrim hollarda bitta aminokislota ikki va undan ortiq tRNK yordamida kodlanadi. Informatsion RNK hujayradagi RNK massasining 2-6% ini tashkil etadi. Har xil iRNK molekulalari bir-biridan molekulyar massasi va nukleotidlar tarkibi bilan farq qiladi. Hujayrada sintezlanadigan oqsil molekulalari muayyan i RNK yoki uning bir qismi orqali kodlanadi. Eukariotlar xujayrasida iRNK yadroda sintezlanib, u yerdan maxsus ribonukleoprotein zarrachalar (informosomlar) tarkibida tsitoplazmaga ko’chiriladi. Eukariotlarda iRNK sintezi kodlanmaydigan kiem (intron)larga ega bo’lgan juda uzun zanjirli Pro iRNK sintezidan boshlanadi va birmuncha o’zgarishlar bilan yetilgan iRNK hosil bo’ladi. Kodlanmaydigan qismlar Pro iRNK molekulasining butun uzunligi bo’ylab tekis taqsimlangan. Intronlarni ajratib tashlab iRNK molekulasining kodlovchi qismlarini yangidan joylashtirish (splaysing) maxsus hujayra mexanizmlari orqali boshqariladi. Prokariot hujayralardagi iRNK sintezida deyarli katta o’zgarishlar bo’lmaydi. Kichik molekulali RNK funktsiyasi, strukturasi va o’lchamiga binoan har xil. Ular tarkibida 30 tadan 300 tagacha nukleotid qoldig’i bo’ladi. Bu turdagi RNK ribosoma, yadro va tsitoplazmadagi ribonukleoprotein zarrachalar tarkibida uchraydi. Abdukarim Zikiryoev, Muxsim Zokirov.