Reparatsiya

Reparatsiya (lotincha raparatio — qayta tiklash) (xalqaro huquqda) — moddiy xalqaro-huquqiy javobgarlik turi; davlatning boshqa davlatga yetkazgan zararini pul bilan yoki boshqacha shaklda qoplashi. Reparatsiyani natura shaklida, pul yoki boshqa moddiy kompensasiya shaklida yoki bir vaqtning o’zida restitursiya (g’ayriqonuniy egallab olingan va olib ketilgan mol-mulkni qaytarish) va zararlarni qoplash shaklida qo’llash mumkin. Reparatsiyani amalda 1919 yilgacha mavjud bo’lgan kontributsiyadan farqlash kerak. Hozirgi xalqaro huquqqa ko’ra, davlatning agressiv urush boshlanganligi uchun moddiy javobgarligi, ya’ni harbiy Reparatsiya muhim ahamiyatga ega. Jumladan, 1945 yilgi Qrim (Yalta) konferentsiyasi va Berlin konferentsiyasi qarorlarida Germaniyaning Reparatsiya to’lashi, 1947 yil sulh shartnomalarida esa, 2-jahon urushida Germaniya ittifoqchilari bo’lgan davlatlarning Reparatsiya to’lashi nazarda tutilgan.