Revmokardit, revmatik kardit
Revmokardit, revmatik kardit (Yunoncha kardia — yurak) — revmatizm oqibatida kelib chiqadigan yurak kasalligi. Bunda yurakning ichki (endokardit), muskulli (miokardit) va tashqi (perikardit) qavatlari yallig’lanishi mumkin. Bemor darmonsizlanadi, isitmalaydi, yuragi tez-tez uradi va og’riydi, nafasi qisadi. Revmokarditdan so’ng ko’pincha yurak poroklari kelib chiqadi. Revmokardit yengil kechganda (bo’g’imlar yallig’lanmay, kasallik belgilari ro’yirost ko’rinmaganda) kasallik bemorni bezovta qilmay, o’tib ketishi ham mumkin, shunga qaramasdan yurakda jiddiy patomorfologik o’zgarishlar yuzaga keladi. Shuning uchun ham revmatizmning dastlabki alomatlari vujudga kelganda darhol vrachga murojaat qilish zarur. Revmokardit qaytalaganda bemorning ahvoli og’irlashadi, qon aylanishi buziladi, shuningdek, yurak porogi va miokardda chandiqli o’zgarishlar paydo bo’lishi kuzatiladi. Revmokarditning oldini olish va davolatshda vrachga uchrashib, uning ko’rsatmalariga qat’iy amal qilish kerak.