Rahmatova Farog’at
Rahmatova Farog’at (1926.25.5, Qarshi) — aktrisa va xonanda. O’zbekiston xalq artisti (1964). Konservatoriyaning tayyorlov kursini tugatgan (1944-45). Ijodiy faoliyatini Qashqadaryo teatrida «Yoriltosh» spektaklida Oymomo rolini ijrosi bilan boshlagan (1940). Keyinchalik Buxoro teatrida (Shirin, «Farhod va Shirin»; muhabbat, «davron ota»), Toshsovet nomidagi Yangiyo’l teatrida (Oksana, «Qo’chqor Turdiev»; Guloyim, «Muqanna»; Zuhra, «Tohir va Zuxra», Guljon, «Nasriddin Buxoroda»; Oftobxon, «Oftobxon» va boshqalar)’ ishlagan. 1948 yil Toshsovet teatri Muqimiy teatriga qo’shilgandan buyon, shu teatr aktrisasi. Teatr sahnasida rang-barang obrazlar yaratib elga tanildi: sarvi (uyg’un; M. Leviyev, «Oltin ko’l»,) Oybarchin (S. Abdulla; T. Jalilov, «Alpomish»), Darijon (T. Sobirov; M. Yusupov, «Uch Bahodir»), sanam (A. Bobojon; M. Yusupov, «Aziz va sanam»), Obidaxon (S. Abdulla; T. Jalilov, G. Mushel, «Mavlono Muqimiy»), Zulxumor (K. Yashin; T. Jalilov, «Ravshan va Zulxumor»), kumush (D. Fayziy, «Zarafshon qizi»), Risolat pari (H. G’ulom; M. Leviev, «Toshbolta oshiq»), Hayotxon (M. Ismoiliy; D. Soatqulov, «Farg’ona tong otguncha»), Ona (X. Rasul; M, Yusupov, «Muqaddas Diyor»; R. Ma’diev; B. Lutfullaev, «Taqdir»), Zubayda (R. Ma’diev; F. Olimov, «Devona») va boshqalar. Uning qahramonlari hissiyotlarga boyligi, holatlarining aniqligi, ta’sirchanligi, nozik o’ynoqi qochirimlari, o’ziga xos talqini bilan ajralib turadi. Rahmatova xonanda sifatida ham el orasida mashxur. «Diyorimsan», «Go’zal», «Tuprog’im mening», «yoring unutma», «Yordan salom kelibdir», «vafo qilsa», «Onajon», «unutma», «gul mavsumi», «Dugoh» kabi qo’shiq va ashulalarning betakror ijrochisi. «Mehnat shuxrati» ordeni bilan mukofotlangan (1992). Toshpo’lat Tursunov.