Huquqiy yordam
Huquqiy yordam — fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga, tashkilotlarning faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga ko’maklashish. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasida tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanganligi, fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko’rsatishi belgilab qo’yilgan. Ushbu konstitutsion normaning mohiyati shundan iboratki, fuqarolar hamda tashkilotlar o’zlari amalga oshirayotgan xatti-harakatlar to’g’risida to’liq va yetarli ma’lumotga ega bo’lgandagina fuqarolarning huquq va erkinliklari to’la ravishda amalga oshiriladi, korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyatida esa qonuniylik ta’minlanadi. Avvallari Huquqiy yordam asosan huquqiy maslahatchilar hamda advokatlar tomonidan amalga oshirilardi. Bozor munosabatlari sharoitida fuqarolar, korxona, tashkilot va muassasalarning yuridik yordamga bo’lgan ehtiyoji inobatga olingan holda ushbu yordam ularga turli davlat boshqaruvi organlari (masalan, Adliya organlari), nodavlat notijorat tashkilotlari (savdo-sanoat palatasi), jamoat birlashmalari va hatto turli tijoratchi tashkilotlar tomonidan ham ko’rsatilayapti. Huquqiy yordam huquqiy masalalar bo’yicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonun hujjatlari yuzasidan og’zaki va yozma ma’lumotnomalar berish; huquqiy xususiyatdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzish; sudda va boshqa davlat organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning vakili sifatida ishtirok etish; jinoiy ishlar bo’yicha dastlabki tergovda va sudda himoyachi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etish hamda tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat ko’rsatish orqali amalga oshiriladi. Huquqiy yordam haq evaziga yoki tekinga amalga oshirilishi mumkin. Davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda turli jamoat birlashmalari asosan tekinga yuridik yordam ko’rsatishadi. Advokatning huquqiy yordami uchun haq to’lash advokat bilan mijoz o’rtasida ixtiyoriy ravishda tuziladigan bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi. Shaxs to’lovga qobiliyatsizligi sababli ko’rsatilgan yuridik yordam haqini to’lashdan ozod etilganda, jinoiy ishni ko’rib chiqishda qatnashishga tayinlangan advokatning yuridik yordami uchun davlat hisobidan haq to’lanadi.