Huquqshunoslik, yurisprudentsiya
Huquqshunoslik, yurisprudentsiya — huquqiy ijtimoiy normalarning alohida tizimi sifatida, huquqning alohida tarmoqlarini, davlat va huquq tarixini, davlat va umuman siyosiy tizimning faoliyatini o’rganuvchi fan. Huquqshunoslik — eng qadimgi ijtimoiy fanlardan biri. Uning tarixan vujudga kelishi huquqning paydo bo’lishi va rivojlanishi bilan bog’liqdir. Yunon falsafasidayoq Huquqshunoslikning eng muhim nazariy muammolari o’rtaga tashlangan, Rim huquqshunoslari esa huquqiy tushuncha va tuzilmalarni ishlab chiqqan edilar, bu tushuncha va tuzilmalar hozirgi davrda ham o’z ahamiyatini saqlab qolgan. Huquq muammolari hozirgi demokratik jamiyatda va huquqiy davlataa g’oyat muhim ahamiyat kasb etadi, Huquqshunoslik tuzilish jihatdan bir qancha tarmoqlarga bo’lingan: davlat huquqi, fuqarolik huquqi, jinoyat huquqi, xalqaro huquq, davlat va huquq tarixi, siyosiy bilimlar tarixi. davlat va huquq mohiyatini, Huquqshunoslikning boshqa umumiy masalalarini o’rganuvchi umumiy davlat va huquq nazariyasi fani alohida o’rinda turadi. Huquqshunoslik umumiy nazariy fangina bo’lib qolmay, shu bilan birga amaliy fan ham hisoblanadi. Sud tibbiyoti, sud psixiatriyasi, kriminalistika, kriminologiya, yuridik psixologiya va boshqa yurisprudentsiyaning amaliy turi hisoblanadi. Huquqshunoslik fani inson dunyoqarashi, uning huquq va davlat to’g’risidagi tasavvuri, tushuncha va bilimlari shakllanishida muhim rol o’ynaydi. Huquqshunoslikning g’oyaviy ta’siri insonning huquqiy madaniyati rivojlanishiga, huquq talablarini qadrlab, unga rioya etishiga yordam qiladi. Bu bilan jamiyatda huquqiy axloq va huquq-tartibot qaror topishiga imkon yaratadi. Galiya Tansiqboyeva.