Huquqiy maslahatchi, yuridik maslahatchi
Huquqiy maslahatchi, yuridik maslahatchi (O’zbekiston Respublikasida) — tashkilotning huquqiy xizmat xodimi. U davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy organlarining, respublika hamda mahalliy davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining, viloyat, shahar va tuman hokimliklarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning yuridik (huquqiy) xizmatini amalga oshiradi. Huquqiy maslahatchi zimmasiga ma’muriyat tomonidan chiqariladigan buyruq, farmoyishlarning hamda boshqa huquqiy mazmundagi hujjatlarning qonuniyligini nazorat qilish; boshqa xo’jalik yurituvchi sub’yektlar bilan shartnoma va bitimlar tuzishda ishtirok etish; xodimlar hamda xizmatchilarga amaldagi Qonunchilik to’g’risida axborot berish, ularga huquqiy yordam ko’rsatish; sudlarga da’vogar yoki javobgar sifatida ishtirok etayotgan tashkilot (muassasa) larning ishini yuritish; tashkilot (muassasa) xodimi sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tariqasida jalb qilingan hollarda dastlabki tergov va sudda jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etish yuklatilgan. Oliy yuridik ma’lumotga ega bo’lgan shaxs boshqaruv organlarida va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar korxona, muassasa hamda tashkilotlarda yuridik maslahatchi bo’lib ishlashi mumkin. Vazirlik, davlat qo’mitasi, idora va Respublikaning boshqa boshqaruv organi yuridik bo’linmasining boshlig’i yoki yuridik maslahatchisi lavozimini egallash uchun kamida 5 yillik yuridik maslahatchi ish tajribasiga ega bo’lish zarur. Yuridik maslahatchilar 5 yilda 1 marta Adliya vazirligida, Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligida, viloyatlar va Toshkent shahri Adliya boshqarmalarida qayta tayyorlash va attestasiyadan o’tadilar. Yosh mutaxassislar va homilador ayollar attestasiyadan o’tkazilmaydi. Huquqiy maslahatchi attestasiyadan o’ta olmasa, u 6 oy muddatdan so’ng yana qayta tayyorlash va attestasiyadan o’tish uchun yuborilishi mumkin. Yuridik maslahatchiga huquqiy ishlarga taalluqli bo’lmagan boshqa ishlarning yuklatilishiga yo’l qo’yilmaydi. Mansabdor shaxslar tomo-nidan yuridik maslahatchiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga va unga berilgan huquqlardan foydalanishga qarshilik ko’rsatilsa va bu qonunchilikning buzilishiga hamda fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib kelsa, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning organlari taqdimnomasi bo’yicha aybdor mansabdor shaxslar yuridik javobgarlikka tortiladilar.