Habibullayev Po’lat Qirg’izboyevich
Habibullayev Po’lat Qirg’izboyevich (1936.14.10, Andijon) — fizik olim va jamoat arbobi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1984). SSSR (1991 yildan Rossiya) Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1984). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1994), fizika-matematika fanlari Doktori (1971), professor (1972). O’rta Osiyo universitetini tugatgan (1960). Toshkent pedagogika institutida kafedra mudiri (1964-71), Andijon paxtachilik instituti rektori (1971-75), O’zbekiston KP MK fan va o’quv yurtlari bo’limi mudiri (1975-78). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi instituti direktori (1978-88), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi issiqpik fizikasi bo’limi ilmiy rahbari (1977 yildan). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti (1979-84), prezidenti (1984-88), O’zbekiston Oliy Soveti raisi (1985— 88), O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1988-89), O’zbekiston Respublikasi fan va texnika davlat qo’mitasi raisi (1994 yildan), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi fan va texnologiyalar markazi direktori (2002 yildan). «O’zbekiston fizika jurnali» bosh muharriri (1995y.dan). Ilmiy ishlari akustik spektroskopiya, fizik va kvant akustika, nanofizika va yumshoq muhitlar fizikasi, nochiziqli optika va lazer termokimyosi, superion o’tkazgichlar va kvant-o’lchamli sistemalar fizikasi, yadro fizikasi va radiatsion materialshunoslik, nochiziqli dinamika va xaos, izotoplar fizikasi va kimyosi, lazer fotosintezi va boshqa yo’nalishlarga doir. Habibullayev kritik hodisalar va fazaviy o’tishlar sohasini o’z ichiga olgan kondensirlangan muhitlar akustik spektroskopiyasi asoschilaridan biri. O’rta maktab va oliy o’quv yurtlari uchun fizikadan darsliklar muallifi. Pokiston, Hindiston va boshqa bir qancha xorijiy Fanlar Akademiyasi a’zosi. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1981). «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2000). As.: Elektrostatisticheskaya model yomkix klasterov i termodinamicheskie parametrn reaktsiy klasteroobrazovaniya, T, 1985; Fizika myagkix sistem, T., 1998.