Havo pufagi
Havo pufagi, suzgich pufak — baliqlar ichagining oldingi qismida paydo bo’ladigan organ. Soni toq yoki juft; devori kapillyar qon tomirlari to’ri bilan qoplangan. Havo pufagi ichidagi gaz tarkibi atmosfera havosi tarkibiga o’xshash yoki undan bir oz farq qiladi. Ikki xil nafas oluvchilar, ko’p shu’lalilar, suyakli ganoidlilarda Havo pufagi qo’shimcha nafas olish organi funktsiyasini bajaradi. Ko’pchilik suyakli baliqlarda gidrostatik organ hisoblanadi. Havo pufagi kengayib havo bilan to’lganda tana zichligi kamayishi tufayli baliq suv yuzasiga ko’tariladi; suzgich pufagidan havo chiqarilganida aksincha tana zichligi ortadi va baliq suv tubiga sho’ng’iydi. Ba’zi baliqlarda Havo pufagi ichki quloq bilan tutashib, tovush to’lqinlarini qabul qiladi. Ayrim baliqlar Havo pufagi yordamida past chastota- pi tovush chiqarishi ham mumkin. Havo pufagi faoliyatini Markaziy nerv sistemasi boshqarib turadi. Harakatlanish muskullari kuchli rivojlangan yirik va suv tubida yashovchi baliqlar (masalan, akulalar, cho’rtanlar, skatlar, kambalalar)da Havo pufagi rivojlanmagan.