Hadya

Hadya (fuqarolik huquqida) — bir shaxsning o’z mulkini 2-shaxsga bepul berishi haqidagi shartnoma. O’zbekiston Respublikasida qonun bo’yicha biron bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni va’da qilish (Hadya etishni va’da qilish), agar va’da tegishli shaklda berilgan bo’lsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq ko’rinib turgan bo’lsa, Hadya shartnomasi deb tan olinadi. Ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklida Hadya narsasini aniq ko’rsatmasdan o’zining mol-mulkini yoki mol-mulkning bir qismini Hadya etishni va’da qilish o’z-o’zidan haqiqiy emas. Hadyani hadya oluvchiga Hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma ham haqiqiy bo’lmaydi. Hadya qilish, ayni paytda Hadyani hadya oluvchiga topshirish (oddiy sovg’a tarzida) og’zaki yoki huquqni belgilaydigan hujjatlarni taqdim etish yo’li bilan yozma shaklda amalga oshiriladi. Ko’chmas mulk va avtomoto-transport vositalarini Hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat ro’yxatidan o’tkazilishi lozim. Umumfoydali maqsadlarda qilingan Hadya xayr-ehson hisoblanadi. Xayr-ehson fuqarolarga, davolash, tarbiya, ijtimoiy himoya, xayriya, ilmiy va o’quv muassasalariga, fondlarga, muzeylar va boshqa madaniyat maskanlariga, jamoat birlashmalari va boshqa fuqarolik huquqi sub’yektlariga qilinishi mumkin. Xayr-ehson qiluvchi mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilganida bu mol-mulkdan ma’lum bir maqsadda foydalanishni shart qilib qo’yishi lozim. Hadya bilan bog’liq huquqiy me’yorlar O’zbekiston Respublikasining FKda belgilangan (502— 511-moddalar).