Hayo

Hayo — axloqshunoslik tushunchasi. Muhim axloqiy me’yor, ayni paytda xulqiy go’zallikning asosiy belgilaridan biri. Hayo uyat hissi bilan o’xshash bo’lsada, aslida andisha va iboga yaqin fazilat tarzida namoyon bo’ladi, u nafosat bilan uyg’unlashib ketadi. Uyat hissida insonning o’zi sodir etgan yoki boshqalar vositasida amalga oshi-rilgan axloqiylikka zid xatti-harakatlaridan noqulay vaziyatga tushish, o’ng’aysizlanish holati paydo bo’ladi, bu holat xatti- harakat sodir etgandan so’ng ham davom etadi va ko’p hollarda vijdon azobini qo’zg’atadi. Hayoda esa mazkur holatlar sof ma’naviy xarakterga ega bo’lib, ular xatti-harakat sodir etilayotgan paytdagina yuzaga chiqadi. Hayoning insoniy sifat tarzidagi mavjudligi hayolilik bo’lib, kishining ma’naviyatli, ma’rifatli, nomusli, ochiq ko’ngilli ekanini anglatadi, uning ziddi — behayolik (hayosizlik) esa, aksincha, ma’naviyatsizlik, nopoklikka moyillik, qalbi qattiqlik, vijdonsizlik kabi illatlar bilan xarakterlanadi. Hozirgi kunda turli nivilizatsiyalarning o’zaro aloqalari, ba’zan esa omuxtalashuvi, urbanizatsiya, modaparastlik singari zamonaviy ijtimoiy hodisalar Hayolilikka ma’lum ma’noda salbiy ta’sir ko’rsatayotir, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarning o’zini tutishida, muomalasida, kiyinishida bu ta’sirni yaqqol sezish mumkin. Oiladagi va maktabdagi tarbiyada Hayoli bo’lishlik — xulqiy go’zallik, nazokat ekani, behayolik — xulqiy xunuklik va qo’pollik ekanini uqtirish, shaxs erkinligi doimo o’zgalar oldidagi mas’uliyat bilan bog’liqligini tushuntirib borish muhim vazifalardan biridir. Abdulla Sher.