Hayot falsafasi
Hayot falsafasi — hayotning mazmuni, maqsadi, qadr-qimmati haqidagi muammolarni tadqiq va talqin etuvchi falsafiy oqim. 19-asr oxiri — 20- asr boshlarida Germaniya va Frantsiyada paydo bo’lgan. Hayot falsafasining ibtidosida A.Shopengauer turadi, asoschisi esa F.Nisshe hisoblanadi. Oqim vakillari fikricha, hayot — birinchi o’rindagi voqelik, keyinchalik ma’naviyat va moddiyatga, ong va borliqqa bo’linadigan uzviy yaxlitlik. Hayot Hayot falsafasining asosiy tushunchasi hisoblanadi. Hayot falsafasi hayotning mohiyatini uning o’zidan anglab olishga intiladi. U his-tuyg’ular va instinktlarni ulug’laydi, aqlni tanqid va inkor qiladi. Hayot falsafasi tarafdorlariga ko’ra, hayot tushunchasi murakkab, ko’p ma’noli, o’zining aniq talqiniga ega emas. Shu sababli uni tabiiy-biologik (F.Nisshe, A.Klages), madaniy-tarixiy (V.Diltey, G.Zimmel, O.Shpengler, X.Ortega-i-Gaset) tushunish mavjud. Tabiiy-biologik talqinda qayot biologic ma’noda tushunilib, biologik xossalar butun voqelikka tatbiq qilinadi. Hayot tabiiylik bilan qiyoslanadi va har qanday sun’iylikka qarshi qo’yiladi. Bu yo’nalish tarafdorlari kuch-qudratni ulug’laydilar, har qanday g’oyaning ro’yobga chiqishini kishilar yoki ijtimoiy guruhlarning manfaatlari bilan bog’laydilar. K.Bergson fikricha, hayot — fazoviy hayotiy shiddat, u dastlab yagona markazda tug’ilib, ko’p jihatlardan bir-biridan farqlanadigan qator portlashlar, sifatli sakrashlar orqali parallel ravishda rivojlanib boradi. Uning mohiyati ichki kechin-malardan kelib chiqadigan, qalbdagi jarayonlar vositasida fahmlab olinadigan ong yoki a’lo ong. Diltey, Zimmel hayotning mohiyatni ichki ruhiy kechinmalardan izlaydi. Ortega-i-Gaset inson hayotini tabiatga qiyoslab o’rganishga intilgan aqlning bunlay tadqiqot uchun zaiflik qilishini ta’kidlaydi. U ham inson bilan olam yaxlitligini, inson hayotining tashqi ta’sirlardan xoli, o’z-o’zicha ibtidoga ega ekanini hisobga oladigan, aklning nisbatan keng ma’nodagi tushunchasini ishlab chiqishga urinadi. Nuqtai nazardagi bunday fikrlarga qaramay, ularda hayot mexanik, tartibsiz tuzilmalarga. Barcha qat’iy belgilab qo’yishlarga, qotib qolishlarga qarshi turadigan ijodiy shakllanishning uzviy jarayoni sifatida namoyon bo’ladi. Ijod, ayniqsa, badiiy ijod Hayot falsafasi uchun nihoyatda muhim, u hatto hayotning o’zi. Shu nuqtada Hayot falsafasi noratsional intuitivizmga, uning bilish nazariyasiga yaqinlashadi. Chunonchi hayot dinamikasini, narsa-hodisaning individual tabiatini umumiy tushunchalarda ifodalab bo’lmasligi, uni bevosita fahmlash, intuitsiya orqali ang’lash mumkinligi har ikkala oqimga xos. Hayot falsafasi fan bilan falsafaning olamga yondashuvidagi keskin farqni ko’radi. Fan olamni egallash va o’ziga bo’ysundirishga harakat qiladi, falsafaga esa mushohadakorlik xos, shu xususiyati bilan u san’atga yaqin. Aql o’z tabiatiga ko’ra hayotdan uzilib qolgan; aqliy bilish va unga asoslanadigan fan narsalarni emas, narsalar o’rtasidagi munosabatlarnigina anglab yetishi mumkin. Rasional bilish sof amaliy manfaatlarni qondirishga, foyda keltiradigan maqsadga muvofiqlikka qaratilgan. Ilmiy bilishga nointellektual, intuitiv, hayotni anglab yetishning timsolli-ramziy usullari qarama-qarshi qo’yiladi. San’at asari, ayniqsa, she’riyat, musiqa hayotni anglash va nisbatan aynan ifodalash vositasidir. Hayot falsafasi uchun zamon — ijod, taraqqiyot va tashkil topishning mohiyati sifatida muhim ahamiyatga ega. Tarix esa Hayot falsafasida tug’ilishdan to o’limgacha bo’ladigan biologik davriylikka o’xshash jarayonlarni boshidan kechiradigan noyob va takrorlanmas «madaniy organizmlar» sifatida namoyon bo’ladi. Tarixiy jarayon, sababiyat qonuni hukmronlik qilgan tabiatdan farqli o’laroq, taqdirga bo’ysunadi. Tarix faqat tabiat dunyosidagina harakat qiladigan ob’yektiv qonuniyatlar iskanjasidan chiqib ketadi. Hayot falsafasi tarafdorlari (ayniqsa Nisshe) til muammosiga katta ahamiyat beradi. Ularning fikricha, til real hayotni izohlab berishga ojizlik qiladi, chunki til istioralar va timsollar shaklida asl, kelib chiqish jarayonidagi ma’nolarini yo’qotadi: individual iboralar umumiy tushunchalarga aylanadi, bu tushunchalar orqali ifodalangan olam asl olamga mos kelmaydi. Hayot falsafasida keyinchalik «omma jamiyati» tushunchasi paydo bo’ldi; u individni erksizlikka, ijoddan mahrumlikka, begonalashuvga olib keladi. Bu qarashlar o’sha paytlarda paydo bo’layotgan demokratiya, tenglashtiruvchilik g’oyalaridan «sara odamlar» madaniyatini himoya qilishga da’vat sifatida o’zini ko’rsatadi. Shu sabablar tufayli Nisshe umum qabul qilingan qadriyatlarni, me’yorlarni «tabiiy» hayot nuqtai nazaridan qayta baholashga, asl «hayotiy» qadriyatlarning ifodachisi bo’lmish komil odamga ergashishga chorlaydi. Shpengler fikricha, madaniyat gullab-yashnagan davrdan keyin, madaniy organizmlarning asta-sekin tanazzulga uchrashi ro’y beradi, unda xalqlar o’z xulq-atvori va faoliyatiga ko’ra ommaga aylanadi. Hayot falsafasi 20-asr boshida Bergson, Zimmel, Diltey, Keyzerling va Klages timsolida o’zining yuksak cho’qqisiga etdi. Hayot falsafasining ayrim g’oyalari keyinchalik personalizm, ekzistentsializm, falsafiy antropologiya tomonidan o’zlashtirildi. Abdulla Sher.