Hayotiy shakl, o’simliklarda biomorfa
Hayotiy shakl, o’simliklarda biomorfa — o’simliklarning muhit sharoitlariga moslanishini aks ettiruvchi tashqi qiyofasi (gabitus). «Hayotiy shakl» atamasini fanga Daniya botanigi E.Varming kiritgan (1884). Hayotiy shakl o’simlik vegetativ tanasining o’simlik urug’dan unib chiqqanidan to hazon bo’lgunicha o’tgan yashash davrida tashqi muhitga moslanishi, o’simliklarning ekologik tasnif birligi, ya’ni moslanuvchanlik strukturasi bir-biriga o’xshash o’simliklar guruhi. Bu o’xshashlik qarindoshlikka bog’liq bo’lmay, ko’pincha konvergent bo’lishi mumkin (masalan, poyali sukkulentlar Hayotiy shaklini hosil qiluvchi kaktuslar va ba’zi bir sutlamadoshlar). Hayotiy shakl, asosan, o’simliklarning yer osti va yer ustki vegetativ organlari strukturasiga bog’liq, ularning rivojlanish ritmiga va uzoq yashashiga qarab o’zgaradi. Hayotiy shakl evolyutsiya jarayonida turli iqlim, tuproq va biotsenotik sharoitlarda tabiiy tanlanish natijasida vujudga keladi. Har bir o’simlik (daraxt, buta, liana va boshqalar)ning konkret Hayotiy shakli ular ontogenezida o’zgaradi. Ayni bir tur har xil sharoitda turli Hayotiy shaklda bo’lishi mumkin. Masalan, o’rmon zonasi va tog’-o’rmon mintaqasida baland o’sadigan eman, qoraqayin, qoraqarag’ay, tilog’och va boshqa shimol va balandlik zonalarida buta shaklida yoki yer bag’irlab o’sadi. O’simliklar joy landshaftini belgilovchi tashqi qiyofasiga tegishli asosiy shakllarining birinchi fizionomik tasnifini nemis tabiatshunosi A.Gumboldt sharhlab bergan (1806). U o’simliklarning 19 xil Hayotiy shaklini ajratgan. Keyinchalik o’simliklarning o’ziga xos moslashuv alomatlariga qarab tasniflavishi paydo bo’ldi. Daniyalik botanik K.Raunkier o’simliklarning qishlashga moslanishi haqidagi ko’pchilikka manzur bo’lgan tasnifida Hayotiy shaklni 5 tipga: fanerofitlar, xamefitlar, Gemikriptofitlar, kriptofitlar, terofitlarga bo’lgan. Bir qator nazariy va amaliy masalalarni hal qilishda Hayotiy shaklni o’rganishning ahamiyati muhim. Masalan, Raunkier iqlim tavsifi uchun u yoki bu hudud florasining Hayotiy shakl prosent tarkibidan foydalangan. Hayvonlarda Hayotiy shakl — muayyan bir xil hayot muhitida yashaydigan, o’zaro qarindoshligidan qat’i nazar o’xshash moslanish belgilariga ega bo’lgan hayvonlar guruhi. Bitta Hayotiy shaklga har xil, hatto turli xil sistematik guruhlarga mansub turlar (masalan, erqazar va ko’reichqon) kirishi mumkin. Metamorfoz orqali rivojlanadigan turlar ontogenezda Hayotiy shaklini ham o’zgartiradi (masalan, hasharotlar qurti, g’umbagi, voyaga yetgan davri). Bitta turning morfologik jihatdan keskin farq qiladigan har xil individlar (masalan, termitlar va chumolilarning urg’ochilari, ishchilari, navkarlari), shuningdek, kenja turlar va irqlar (masalan, daryo va ko’l moy balig’i)ni mustaqil Hayotiy shakl deyish mumkin. Hayvonlar guruhini ekologik tasnif qilishda har xil kriteriylar (masalan, harakatlanish, oziq topish usullari, oziqning xususiyati, faollik darajasi, muayyan landshaftga bog’liqligi, ontogenez davrlaridagi farq va boshqalar)dan foydalaniladi. Masalan, dengiz hayvonlarini oziq topish usuli va ozig’i xiliga binoan o’simlikxo’rlar, yirtqichlar, o’laksaxo’rlar, detritxo’rlar (filtrlovchilar va balchiqxo’rlar)ga; harakatlanish xususiyatiga binoan suzuvchilar, o’rmalovchilar, o’troq yashovchilar Hayotiy shaklga ajratish mumkin. Morfoekologik belgilar kompleksiga ko’ra Hayotiy shaklning ierarxik sistemasi tuziladi. Masalan, oziqlanish usuliga binoan vizildoq qo’ng’izlar har xil yaruslar bo’yicha taqsimlanadigan Hayotiy shakl — zoofaglar va miksofitofaglar trofik guruhlariga ajratiladi. Hayotiy shaklni o’rganish orqali yashash muhitining o’ziga xos xususiyatlari va organizmlar moslanishining o’zgarishi to’g’risida xulosa chiqarish mumkin. Zoologiyaga «Hayotiy shakl» atamasi botanikadan kirib kelgan bo’lib, faqat 20-asrdan qo’llanila boshlandi. Ochil Mavlonov.