Haykaltaroshlik
Haykaltaroshlik — tasviriy sanat turi; borliqni hajmli shakllarda, makonda uch o’lchamda tasvirlashga asoslanadi. Tasvir ob’yekti, asosan, inson; shuningdek, hayvonlar (animalistika), tabiat (manzara) va narsalar (natyurmort). Haykaltaroshlikning 2 asosiy ko’rinishi — aylanib kuzatish imkonini beruvchi dumaloq haykal hamda faqat bir tomondan ko’rishga mo’ljallangan bo’rtma (qabariq) tasvir relef turi farqlanadi. Relef, o’z navbatida, yuzaga nisbatan bir oz bo’rttirib ishlanadigan barelef hamda tasvir yuzaga nisbatan ancha bo’rttirib ishlanadigan gorelefga bo’linadi; shuningdek nursoya o’yini hisobiga tasvir ko’zga tashlanadigan tekis yuzaga ishlanadigan yana o’yma ko’rinish mavjud. Haykaltaroshlik bajaradigan vazifasi va mazmuniga ko’ra bir necha turlarga bo’linadi: monumental haykaltaroshlik, bezak haykaltaroshligi, dastgoh Haykaltaroshlik, mayda haykaltaroshlik turlari o’zaro yaqin aloqada rivojlanadi hamda o’ziga xos xususiyatlarga ega. Me’morlik san’ati bilan bog’liq bo’lgan monumental Haykaltaroshlikka muhim tarixiy voqealar, atoqli shaxslar xotirasini abadiylashtirish maqsadida o’rnatilgan monument, yodgorliklar, Haykaltaroshlik ansambllari kiradi, ular o’zida katta mazmunni ifodalaydi hamda mustaqil ahamiyatga ega; biroq Haykaltaroshlikning bu turi bevosita muhit, me’moriy inshootlar hamda tabiat bilan uyg’un bo’lishi lozim, bu unga yanada ulug’vorlik va ta’sirchanlik baxsh etadi. Monumental Haykaltaroshlikka xos bo’lgan xislatlardan biri qahramonlarni ko’tarinki ruhda tasvirlashdir. Monumental Haykaltaroshlik asarlari uzoqdan ko’rishga mo’ljallanganligi sababli, katta-katta yaxlit shakllardan keng foydalaniladi; odam yuzidagi mayda unsurlar, kiyimdagi buklanishlar, mayda qismlar ko’rsatilmasligi mumkin. Bezak Haykaltaroshlikga istirohat bog’lari, xiyobonlar, ko’cha va bog’lar, shuningdek, me’moriy binolarning devorlarini bezash uchun ishlanadigan turli bezak haykallar kiradi; asarlarida ramziy obrazlar, hayvonlar shakli keng ishlatiladi. Binolarning devorlariga ishlanadigan bo’rtma tasvirlar, amaliy san’at buyumlari yuzasiga ishlanadigan bezaklar, favvora, panjara, badiiy darvozalar ham shu Haykaltaroshlikning ko’rinishidir. Dastgoh Haykaltaroshlikga mustaqil mazmunga ega bo’lgan, san’atning boshqa turlariga tobe bo’lmagan asarlar kiradi; ular ko’rgazmalar, muzey xonalariga va uylarning intereriga qo’yish uchun mo’ljallanadi. Bu tur asarlarda voqelik o’zining butun borlig’i bilan aks ettiriladi hamda inson ruhiyatidagi nozik o’zgarishlar, uning ichki kechinmalari, kayfiyatini ochib berish imkoniyati katta. Dastgoh Haykaltaroshlik asarlari byust (belgacha bo’lgan portret), tors, haykal (odam gavdasining natural kattalikda ishlangan ko’rinishi), haykalcha (natural kattaligidan kichik bo’lgan haykallar), Koloss (haddan ortiq kattalikda ishlangan haykallar, masalan, Rodos kolossi), janrli haykal (muayyan muhitda tasvirlangan odam yoki odamlar guruhi) va boshqalar ko’rinishda bo’ladi. Kichik shakllar Haykaltaroshlikgi o’z xarakteriga ko’ra amaliy bezak san’atiga yaqin turadi. Bunga stol ustiga qo’yiladigan sopol, chinni va boshqa xom ashyolardan ishlanadigan haykallar kiradi. Eng ko’p tarqalgan turlaridan biri terrakota; medal yasash sanati va gliptika ham shu turga mansub. Haykaltaroshlikda ijodkor nursoya o’yinidan foydalanish orqali asarning ta’sir kuchini oshirishga erishadi (nur tushishi bilan haykal jonlanadi, nur yo’nalishining o’zgarishi bilan undagi nur-soya tovlanishi ham o’zgaradi, natijada undan tomoshabin oladigan taassurot ham o’zgarib boradi). Bu ayniqsa monumental va bezak Haykaltaroshlik asarlari uchun qo’l keladi, chunki maydon yoki hiyobonga o’rnatilgan haykalga ertalabki quyosh nurlari bir joziba bersa, kechki kun botish paytidan quyosh nurlari boshqacha bir Fayz kiritadi. Haykaltaroshlikda insonning tashqi ko’rinishi, sokin yoki harakatdagi holatini aks ettirish bilan uning imkoniyati tugamaydi, asarda kechinmalar, hayajon, g’amginlik va boshqalar ham o’z ifodasini topadi. Haykaltarosh mahorati, to’g’ri topilgan harakat, yuzdagi mimik holat asarning ta’sirli bo’lishida muhim o’rin tutadi. Haykaltaroshlik asarlari uchun tosh, granit, bronza, marmar, yog’och, metall (oltin, kumush, pikel kabi qimmatbaho metallar) tsement, gips kabi turli materiallar ishlatiladi. Haykaltaroshlikda tanlangan xom ashyo uning rangini belgilaydi. Xalq Haykaltaroshlikdagina haykallarni bo’yash hollari uchraydi. Haykaltaroshlik asarlari yaratishda yumshoq moddalar (maxsus loy, mum, plastilin va boshqalar), qattiq moddalar (turli nav toshlar, yog’och va boshqalar)dan kesib (yo’nib) yoki o’ymakorlik bilan keraksiz qismlarini olib tashlash yo’li bilan yaratiladi; suyuq holatdan qattiq holatga o’tish xususiyatiga ega bo’lgan moddalar (turli metall, gips, beton va boshqalar)dan qolip yordamida quyib ishlanadi; keramika Haykaltaroshlik asarlari tayyorlashda maxsus loy navlaridan foydalaniladi, shakl bo’yama naqsh yoki rangli sir bilan qoplanadi va maxsus pechlarda quydiriladi. Haykaltaroshlik asari taglikka (postament yoki pedestalga) o’rnatiladi; ba’zan haykaltarosh maqsadini yuzaga chiqarishda bir necha taglikka o’rnatilgan haykallar, releflardan foydalanishi mumkin. Haykaltaroshlik qadimdan — ibtidoiy jamiyatda insonning mehnat faoliyati va diniy tushunchalarning paydo bo’lishi bilan shakllanib, yasash jarayonida Haykaltaroshlikga xos uslub (yo’nish, ishlov berish, yumshoq loydan shakllar yasash) bilan o’z hissiyoti, kechinmalarini tasvirlay boshlagan. Hayvonlarning dumaloq, g’or yoki tosh yuzasiga ishlangan bo’rtma haykallari ibtidoiy kishilar qarashlarining ifodasidir. Bo’rtma tasvirlar yumshoq tosh, suyak va yog’och yuzasiga ishlangan, mehnat va ov qurollarini bezashda hamda tumor sifatida ham foydalanilgan. Oltin va boshqa qimmatbaho materiallardan bo’rtma tasvirli amaliy san’at buyumlari, loydan haykalchalar yasashda kata muvaffaqiyatlarga erishildi (skiflar madaniyati, Afrika qit’asining nok manzilidagi sopol haykallar va boshqalar). Quldorlik tuzumi davridan Haykaltaroshlikda yangi bosqich boshlandi, bu davr uslub rang-barangligi, mavzu va turlarining ko’lami bilan ajralib turadi. Bu jihatdan Haykaltaroshlikda qadimgi Sharqning alohida o’rni bor: ilk bor mahobatli haykallar, dastgoh portretlari, jo’shqin, harakatga to’la bo’rtma tasvirlar yaratildi. Shumer va Akkad, Bobil va Ossuriya yodgorliklari, Misrdagi mahobatli haykallar, nafis bo’rtma tasvirlar shu davrning nodir yodgorliklaridir. O’rta Sharq, jumladan, O’zbekiston hududida yaratilgan Xorazm, Sug’d, Baqtriya yodgorliklari, Tuproqqal’a, Varaxsha, Afrosiyob, Xolchayon, Dalvarzintepa, Quvaning mahobatli haykal va bo’rtma tasvirlari, mayda haykalchalar, amaliy san’at buyumlarini bezashda ishlangan turli badiiy shakllar davrning boy madaniyatidan dalolat beradi. Antik davrda voqeband relef, portret o’z rivojining yuqori bosqichiga ko’tarildi, odamning ruhiy holatini ifodalash borasida katta yutuqlarga erishildi. Yunoniston va qisman qadimgi Rimda yaratilgan Haykaltaroshlik asarlarida insoniy tuyg’ular, uning kamoloti yetakchi o’rinni egalladi, tasvirlashda haqqoniylik hukm surdi, jismoniy baquvvat va ma’naviy go’zal inson obrazini yaratish yunon Haykaltaroshlikning bosh maqsadi bo’ldi (Fidiy va Miron, Poliklet va Praksitel). Rim haykaltaroshlari portret san’atida katta yutuqlarga erishdilar, ularning asarlarida insonning murakkab kechinmalari kuchli realizmda tasvirlandi, shaxsning jismoniy va ma’naviy holati ochiq ko’rsatildi; Rimda ilk bor otliq qo’mondon haykali ishlandi, bo’rtma tasvirda ham katta yutuqlarga erishildi: muhim tarixiy voqealarga bag’ishlab o’rnatilgan ustun va zafar toqilari voqeband bo’rtma tasvirlar bilan bezatildi. O’rta asrlar Sharq mamlakatlarida Haykaltaroshlik hamma joyda bir xil rivojlanmadi. Janub, Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari (Hindiston, Indoneziya va Hindixitoy mamlakatlari)da mahobatli, ishlanishi nafis ajoyib yodgorliklar yaratilgan bo’lsa, yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida Haykaltaroshlik amaliy bezak san’atining Haykaltaroshlik bilan chatishib ketgan tosh o’ymakorligi, yog’och va ganch o’ymakorligi, zargarlik va kandakorlik asarlarida o’z ifodasini topdi, ro’zg’or buyumlari, taqinchoqlar tayyorlashda, binolar bezagi (namoyoni)da keng qo’llandi. Yevropa mamlakatlarida xristian dini Haykaltaroshlikni rivojlantiruvchi asosiy kuch bo’ldi: soborlar qoshida Haykaltaroshlik ustaxonalari tashkil etildi, bu yerda bo’lajak haykaltaroshlar tayyorlandi, ibodatxonalar uchun dumaloq haykal va releflar yaratilib, ular diniy g’oyalarni targ’ib qilishga xizmat qildi. Haykaltaroshlik roman va gotika uslubida qurilgan binolar kompozitsiyasining ajralmas qismiga aylandi. 13-asr 2-yarmi — 14-asr boshlarida Yevropa realistik Haykaltaroshlik namunalari ko’zga tashlana boshladi (N.Pizano va boshqalar), dunyoviy g’oyalar (yorqin insoniy xarakterlar, hayotga muhabbat ruhi)ni aks ettirish Haykaltaroshlikning bosh vazifasiga aylandi (Donatello, A.Verok-K’o va boshqalar), ko’p planli releflar yaratildi; bronzadan haykal quyish san’ati mukammallashdi, mayolika (koshinkorlik), kandakorlik amaliyotda keng ishlatila boshlandi. Mi kelanjelo ijodi Uyg’onish davri san’atining yuksak bir cho’qqisi bo’ldi. 17— 19-asrlar Haykaltaroshlik ham boy va rang-barang; bu davr Yevropa Haykaltaroshlikda barokko, klassisizm, realizm uslublari raqobatda bo’ldi. Uyg’onish davri Haykaltaroshlikga xos xotirjamlik, salobatlilik o’rniga barokko uslubi bilan shijoat, jo’shqinlik kirib kelgan bo’lsa, klassisizm aksincha yana Uyg’onish davri xotirjamligiga qaytishga, hamma narsani aql bilan tartibga solishga harakat qildi. O’z mavqeini mustahkamlab borgan realizm uslubi borliqni to’laqonli aks ettirishga, inson his-tuyg’ularini chuqurroq ifodalashga intildi (L.Bernini, A.Kanova, J. Gudon va boshqalar). 19-asr 2-yarmidan Haykaltaroshlikda demokratik tamoyillar ortib bordi, maishiy hayot, mehnat mavzusi san’atkorlarni o’ziga jalb etdi. Yevropa Haykaltaroshlikda turli naturalistik oqim va yo’nalishlar shakllandi, avvalgi san’atlar sintezidan chekinish yuzaga keldi; bu davrda impressionizm, simvolizm oqimlari ham Haykaltaroshlikda o’z ifodasini topdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshidagi Haykaltaroshlik rivojiga davrning yangi oqimlari ta’sir etdi. Bu jarayonda frantsuz haykaltaroshi O.Roden ijodi muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Uning ta’sirida nafaqat Fransuz, balki ko’pgina zamonaviy yevropalik va boshqa haykaltaroshlar ijodi shakllandi. 20-asr Haykaltaroshlik san’ati qarama-qarshi omillarga asoslangan. Bir tomondan realistik san’at yo’nalishi o’z badiiy ko’lamini kengaytirishga, ifoda vositalarining ta’sirchanligini oshirishga intilgan bo’lsa, ikkinchi tomondan avangard san’ati o’z imkoniyatlarini keng namoyon eta bordi. 20-asr badiiy uslublari (kubizm — P.Pikasso, A.Ar»xipenko, A.Loran; konstruktivizm — A.Kolder; pop- Art va avangardning boshqa vakillari) ta’sirida Haykaltaroshlik yangi ko’rinish va an’anaviy bo’lmagan uslub va materiallar bilan boyidi. 19-asr o’rtalarida yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida Haykaltaroshlikda jonlanish boshlandi. O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekistonda ham Haykaltaroshlik asarlari yaratila boshladi, uning dumaloq va bo’rtma tasvir-relef turida asarlar paydo bo’ldi. Favvoralar ishga tushdi, bezak Haykaltaroshlik asarlari bilan dam olish va xordiq chiqarish maskanlari, xiyobonlarni bezatish odati kengaydi. Shu davrda ishlangan qurbaqa, kiyik, it, sher va boshqa haykallar bir qancha (Toshkent, Buxoro kabi) joylarni bezab turibdi. Buxorodagi Sitorai Mohi Xosadagi marmardan ishlangan sher haykallari, islimiy, girih naqshlar, chiroyli yozuvlar bilan o’yib jilo berilgan suv novlari diqqatga sazovor. Tosh va marmar o’ymakorligi namunalari Xiva me’moriy yodgorliklarida ko’p uchraydi (jumladan, relefli tosh va marmar poy-ustunlar). 20-asr boshlaridan xalq an’anaviy amaliy san’ati usullari keng qo’llandi hamda rivojlantirildi: Muqimiy teatri (1943) hamda Navoiy teatri (1948) binosi va boshqalar. Haykaltaroshlikning boshqa turlari ham keng rivojlana boshladi. An’anaviy mayda haykaltaroshlik ham yangi mazmun va mavzular bilan boyidi (U.Jo’raqulov, X.Rahimova, A.Muxtorov va boshqalar). Shu davrdan realistik Haykaltaroshlikning hamma turlarida dastlabki namunalari yaratildi. Monumental va bezak Haykaltaroshlikgi bevosita me’morlik san’ati bilan bog’liq holda rivoj topdi: E.Rush, Ya.Kuchis, Ya.Strazdin, O.Korjinskaya asarlari shu san’atining dastlabki namunalari edi. Dastgoh Haykaltaroshlikgida portret va janrli kompozitsiyalar paydo bo’ldi (A.Ivanov, F.Grishchenko va boshqalar). O’zbek haykaltaroshligining yangi bosqichi 20-asrning ikkinchi yarmiga to’g’ri keladi. Bu davrga kelib haykaltaroshlar safi kengaydi. Haykaltaroshlikda akademik tizim shakllandi. A. Boymatov, A. Ahme-dov, D.Ro’ziboev, A.Shoymurodov, E.Aliev, H.Husniddinxo’jayev, Ya.Shapiro, L.Ryabtsev, D. Ryabichev va boshqalar. Haykaltaroshlikning barcha tur va janrlarida ijod qilib, uning ravnaqiga o’z hissalarini qo’shdilar. Monumental va monumental-bezak Haykaltaroshlik borasida qator asarlar yaratishda tosh, metall, shamot, sopol va boshqa qattiq materiallardan keng foydalaniddi. O’zbekistondagi har bir me’moriy majmua san’atlar sintezi zaminida shakllantirilishi Haykaltaroshlik rivojida muhim o’rin egalladi. Toshkent shahri, viloyatlar va tumanlar markazlarida bosh maydon, yirik xiyobon, ko’chalar va boshqa markazlarda maydonlar tashkil etildi, ularda davlat va fan, madaniyat arboblariga yodgorliklar o’rnatildi: Toshkentdagi Pushkin (M.Anikushin), Samarqanddagi Alisher Navoiy va Jomiy (H.Husnid-dinxo’jaev va V.Lunev) hamda Mirzo Ulug’bek (M.Musaboev) va boshqa haykallar. Bezak Haykaltaroshlikda afsonaviy ajdaho, kiyik va qo’zichoqlar haykallari yaratilib, madaniy, ma’muriy binolarning maydonlariga o’rnatildi (Toshkentdagi O’zbekiston ba Markaziy ko’rgazmalar zali oldidagi haykallar va boshqalar, Samarqand muzeyi oldidagi ajdaho, Buxoro Inturist mehmonxonasi uchun ishlangan relef va haykallar), Favvoralarda Haykaltaroshlik ko’rinishlari o’z ifodasini topdi. Dastgoh Haykaltaroshlikning portret va animalistika janrlarida A. Boymatov, A.Shoymurodov, A.Ahmedov, aka-uka P. va M.Ivanovlar, T. Qosimov, D.Ro’ziboev, keyinroq T.To’laxo’jayev va boshqalar, qoraqalpoq Haykaltaroshlikda J.Quttimurodov, To’raniyozov va boshqa izlanishlari o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. 1960-80 yillarda dastgoh Haykaltaroshlikning portret, janrli haykal va mayda plastika (haykaltaroshlik)da jonlanish sezildi, uslub va yo’nalishlari kengaydi. A. Hotamov, T.Esonov, M. Abdullaev, F. Ahmedzyanov, M.Avakyan, M.Rahmonberdiev, M.Borodina, L. Nesterovich, M. Porub, T.Yorqulov va boshqa shu yo’nalishda ijod qilib tanila boshladilar. Mustaqillik yillarida Haykaltaroshlikda yirik badiiy yodgorlik haykallar barpo etildi, ularda ajdodlarning yorqin qiyofalarini yaratishga erishildi. Bu davrda Haykaltaroshlikda yaratilgan asarning ilk namunasi O’zbekiston milliy bog’ining so’lim go’shasiga o’rnatilgan Alisher Navoiy haykali bo’lib (haykaltaroshlar E.Aliyev, N.Bandzeladze, V.Degtyarov, 1991), u atrof-muhit bilan uyg’unlikda; ramziy ma’noda barpo etilgan me’moriy qism (ayvon) shoirning mahobatli qiyofasini yanada jonlantiradi. Monumental Haykaltaroshlikda sermahsul ijod qilayotgan I.Jabborov, J. Mirtojiyev va boshqa asarlarida san’atlar sinteziga asoslangan asarlari yuzaga keldi. Toshkent, Samarqand, Shahrisabzda qad ko’targan Amir Temurning mahobatli haykallarida Sohibqiron obrazi gavdalantirildi; sarkarda «Jaloliddin Manguberdi» (2000), buyuk alloma «al-Farg’oniy» (1998, Farg’ona va Quva shahri) «Zahiriddin Muhammad Bobur» (1993, Andijon shahrida), «Abdulla Qodiriy» (1994, Toshkent shahrida), «Cho’lpon» (1997, Andijon shahrida), «ona» (Jizzax shahrida) kabi yirik yodgorlik asarlarida tarixiy shaxslar qiyofasi, «Alpomish» ramziy haykalida (1999, Termiz shahrida) xalq qahramonining badiiy talqini yaratildi. Dastgoh Haykaltaroshlikda zamonaviy va milliy an’analar o’zaro uyg’unlikda rivojlanmoqda, bunda badiiy tasviriylik yetakchi o’rin tutadi. Haykaltaroshlikda o’ziga xos ijodiy uslubga ega bo’lgan T.Tojixo’jaev («Alisher Navoiy», «Ulug’bek», «Mashrab», «Furqat» kabi buyuk siymolar hamda «kurash», «raqs», «Chavandoz» kabi romantik asarlar), D.Ro’ziboev («Navro’z malikasi», 2000), J.Quttimurodov («Ayol», «Amudaryo», «Oqqush», «Avesto» turkumi va boshqalar), J. Mirtojiev («Bobur — Vatan sog’inchi», «Sayyoh Bobur», «Temur Malik», «Behzod») va boshqa haykaltaroshlar samarali ijod qilmoqda. Mayda Haykaltaroshlikda ham kata muvaffaqiyatlarga erishildi, sopol (terrakota), shamot, chinni, fayans, yog’och va boshqalarda asarlar yuzaga keldi. Sh.Mo’minovannng chinni va sopol shakllari nozik hamda tasavvurining rang-barangligi bilan ajralib turadi, N.Qodirov, V. Shurkov va boshqalarning sopol haykalchalari ishlanishi xalq ijodiyotiga yaqinligi, yengil yumori bilan diqqatni o’ziga tortadi. J: Kepinov G.M., Texnologiya skul — pturn, M., 1936; Golubkina A.S., Neskolko slov o remesle skulptora, M., 1963;Apuxtin O.K., Tasviriy san’at asoslari, T., 1967; O’zbek san’ati, T., 2000. Ne’mat Abdullayev.