Hayz, hayz tsikli, oy ko’rish, menstruatsiya
Hayz, hayz tsikli, oy ko’rish, menstruatsiya — balog’atga yetgan qiz bolada va bola tug’ish yoshidagi ayollarda har 26-29 kunda, ba’zan 21-24 kunda (qisqa tsikl) sodir bo’ladigan biologik jarayon; Hayz tsiklida asosan tuxumdon va bachadonda o’zgarish ro’y berib, bachadondan ma’lum miqdorda qon ketadi. Hayz ko’rish Markaziy nerv sistemasi (bosh miya po’stlog’i, gipotalamus, gipofiz) tomonidan boshqariladi. Gipotalamus — bosh miyaning asosiy qismi, ichki a’zolar ishini boshqarib, tartibga solib turadi, u ajratgan neyrogormonlar gipofiz funktsiyasini kuchaytiradi. Gipofiz ham, o’z navbatida, ichki sekretsiya bezlari, xususan jinsiy bezlar (tuxumdon) funktsiyasini kuchaytiradigan gormon ishlab chiqaradi. Tuxumdonda gipofizdan ajraladigan gormonlar ta’sirida tuxumhujayrali follikula (Graaf pufakchasi) o’sadi va rivojlanadi. Follikula etilayotganida bachadonga bevosita ta’sir etadigan maxsus jinsiy gormonlar (estrogenlar) ajratadi. Follikula yetilgach yorilib. undan yetilgan tuxum-hujayra chiqishiga ovulyatsiya jarayoni deyiladi. Yorilgan follikula o’rnida sariq tana — ichki sekretsiya bezi hosil bo’ladi; sariq tanadan progesteron ajraladi. Progesteron va estrogenlar ta’sirida bachadon shilliq qavati qalinlashadi, uning qon tomirlari kengayib. Qon bilan to’ladi. Agar ayolning bo’yida bo’lmasa, sariq tana nobud bo’ladi, bachadon shilliq qavatining funktsional qismi parchalanib ko’chadi va Hayz ko’riladi. Keyinchalik shilliq qavat yuzasi asta-sekin bitib, asli holiga keladi. Shunday qilib, tuxum-hujayra yetilishi davriy ravishda (har 21-25 kun, ko’proq 28 kunda) takrorlanib turadi. Qiz bolaning birinchi Hayz ko’rishi, unda ikkilamchi jinsiy belgilar (masalan, ko’krak bezi to’lishib, qov usti va qo’ltiqda tuk o’sishi va boshqalar) yetilganidan keyin boshlanadi. Birinchi Hayz qo’rish muddati qiz bolaning sog’lig’i va turmush tarziga, shuningdek, turar joyi va iqlimga bog’liq Qizlarning Hayz ko’rishi kechiksa (15— 16 yoshgacha), albatta, ayollar maslahatxonasiga uchrashishi va tegishli maslahat olishi lozim. Oylik qon kelishi ayol organizmining (qiz bolaning) xususiyatlariga bog’liq. Hayz ko’rish muddati boshida o’zgaruvchan bo’lib, keyinchalik aniq bir vaqtga to’gri keladi. Ko’pchilik ayollarda Hayz ma’lum kunlarda boshlanib, doim bir tekis, og’riqsiz kechadi, ayolning umumiy ahvoli deyarli o’zgarmaydi, ular odatdagi yumushlarini bajaraverishlari mumkin, ammo ortiqcha toliqmasliklari, jismonan zo’riqmasliklari, gigiena qoidalariga rioya qilishlari kerak. Hayz ko’rish vaqtida ba’zi ayollarning kayfiyati buzilib turadi, bo’shashadi, sut bezlari dag’allashadi. Hayz ko’rish tsiklining o’zgarishi organizmda biror-bir kasallik borligidan dalolat beradi. Shuning uchun har bir ayol maxsus hayz kalendari (oynomasi) tuzishi va unga Hayz kuni, muddati va boshqa ma’lumotlarni muntazam qayd qilib borishi lozim, shunday qilinsa, Hayz ko’rish tsiklining buzilishini o’z vaqtida aniqtash mumkin. Homiladorlik va ba’zan bola emizish davrida ayol Hayz ko’rmaydi. Ayolning bo’yida bo’lmagan davrida qon ko’rmay qolishi (amenoreya) yoki ahyonda bir oz qon kelishi (gipomenstrual sindrom), bir necha kun ko’p qon kelishi (menorragiya), uning og’riqli bo’lishi (algomenoreya), shuningdek, Hayz qonidan tashqari bachadondan qon ketishi (metrorragiya) biror kasallikdan darak beradi, uni o’z vaqtida aniqlab davolash talab etiladi. Bundan tashqari, ayrim ayollarda Hayz ko’rish oldi holati kuzatiladi; bunda ayol bo’shashadi, kayfiyati o’zgaradi, sut bezlari dag’allashadi, boshi aylanadi, uyqusi buziladi, yuragi o’ynaydi, ba’zan yurak sohasida og’riq paydo bo’ladi. Ayol organizmining normal funktsional holati turmush tarzining bekamu ko’st bo’lishiga, qizlarni yoshligidan boshlab to’gri tarbiyalash va parvarish qilishga bog’liq. Bu gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilish, organizmni chiniqtirish, yaxshi ovqatlanish, mehnat va dam olishni to’g’ri yo’lga qo’yish, jismoniy mashqlarni bajarish, infektsion kasalliklardan saqlanish, agar kasallik ro’y bergudek bo’lsa, o’z vaqtida davolatishdan iborat. Shuni nazarda tutish kerakki, qiz bola organizmi Hayz ko’rguncha unga asta-sekin tayyorlanib boradi, bunda organizmning bir-biri bilan bog’liq bo’lgan a’zo va sistemalari (ichki sekretsiya bezlari, yurak-tomir, nerv sistemasi va hokazolar) ishtirok etadi, bu murakkab jarayonning hammasi Hayz tsiklining normal kechishida muhim rol o’ynaydi. Qiz bola organizmi balog’atga yetish davrida hissiyotga to’la, turli noxush omillarga nisbatan o’ta ta’sirchan bo’ladi. Asabiy va ruhiy buzilishlar, turmushdagi noxushliklar, jismoniy va aqliy jihatdan toliqish, shuningdek, ayrim infektsion kasalliklar Hayz tsiklining buzilishiga sabab bo’lishi mumkin. Shuning uchun bu davrda qiz bola bilan nihoyatda ehtiyot bo’lib muomala qilish, janjallashmaslik, o’ta toliqishga yo’l qo’ymaslik zarur. Qizlar birinchi bor Hayz ko’rganida (bu haqda tasavvurga ega bo’lmasa) juda hayajonlanadi. Shuning uchun qiz bolani Hayz ko’rishiga oldindan tayyorlab borish lozim. Hayz funktsiyasining buzilishi va boshqalar ginekologik kasalliklarning oldini olishda Hayz ko’rish vaqtidagi gigiena qoidalariga amal qilish zarur. Vanna qilish, cho’milish tavsiya etilmaydi, gigienik dush qabul qilish mumkin. Jismonan zo’riqtiradigan mashqlar bilan shug’ullanmaslik kerak.