Hakam

Hakam (sportda) — sport musobaqasini nazorat qiluvchi, uning belgilangan qoidalar asosida o’tishini ta’minlovchi, qatnashchi sportchilarning natijalarini baholovchi, uchrashuv paytida yuzaga keladigan nizolarni bartaraf etuvchi, umuman musobaqaning aniq me’yorlar asosida o’tishiga mas’ul shaxs. Hakamlar sport turlari musobaqalarida bajaradigan vazifalariga qarab quyidagicha nomlanadi: komissar, nazoratchi Hakam, bosh Hakam, katta Hakam, ikkinchi Hakam, yordamchi Hakam, darvoza ortidagi Hakam, uchrashuv sof vaqtini hisoblovchi Hakam, to’r oldidagi Hakam, chiziqdagi Hakam, kotib Hakam va hokazolar. Musobaqadan keyin tuzilgan Hakamlar qarori tashkilotchilar tomonidan yakuniy xulosa uchun qabul qilinadi. Ba’zi hollarda Hakamlar qaroriga aniqlik kiritish uchun elektron uskuna ko’rsatkichlari, fototasvir va videoyozuvlardan foydalaniladi. Hakamlar xalqaro, milliy (Respublika), I, II va III toifalarga bo’linadi.