Harbiy prokuratura
Harbiy prokuratura (O’zRda) -O’zbekiston Respublikasi prokuratura tizimining Qurolli Kuchlarda, boshqa harbiy tuzilmalar, harbiy korxonalar, harbiy o’quv muassasalari, harbiylashtirilgan bo’linmalarda Prokuror nazoratini olib boruvchi ixtisoslashgan organlari. Harbiy prokuraturaning asosiy vazifalariga davlat xavfsizligi, hududiy daxlsizlik va qo’shinlardagi harbiy tayyorgarlik bo’yicha qonun ustuvorligini ta’minlash, harbiylarning hamda ularning oilalari huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, Qurolli kuchlarning qonuniy manfaatlarini kasbiy huquqbuzarliklardan himoya etish va bunday huquqbuzarliklarning oldini olish kiradi. Harbiy prokuratura organlari qonunda belgilangan tartibda fuqarolarning, harbiy xizmatchilarning va yuridik shaxslarning ariza hamda shikoyatlarini ko’rib chiqadilar, ularning buzilgan qonuniy huquq va manfaatlarini tiklash yuzasidan tegishli choralarni ko’radilar. O’zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasiga lavozimiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o’rinbosari bo’lmish O’zbekiston Respublikasi harbiy Prokurori rahbarlik qiladi. O’zbekiston Respublikasi harbiy Prokurorini Respublika Prezidenti lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.