Hasan Dehlaviy, Amir
Hasan Dehlaviy, Amir (1253, Badayun, Shimoliy Hindiston — 1327, hozirgi Hindistonning Haydarobod shtati Davlatobod shahri) — hindistonlik forsigo’y shoir. 1280-85 yillarda Mo’lton shahridagi adabiy to’garak a’zosi bo’lgan, so’ng do’sti Amir Xusrav Dehlaviy bilan birga Dehliga kelgan. Hasan Dehlaviy bu yerda avval hur fikrli she’rlar yozgan bo’lsada, keyinchalik sufiylikning Nizomiddin Avliyo (1236-1325) boshchiligidagi chishtiya tariqati xizmatiga kiradi. mutasavvif lirik shoir bo’lgan Hasan Dehlaviy asarlarida Sa’diyning kuchli ta’siri seziladi. Hasan Dehlaviy ijodida lirik she’rlar devoni, «Ishqnoma» dostoni va «Favoyid ul- Fuod» («samimiy foydalar») nasriy asari muhim o’rin egallaydi. «Favoyid ul-Fuod» Shayx Nizomiddin Avliyoning hikmatlar mazmunini qamrab olgan bo’lib, Chishtiya tariqati mafkurasini o’rganishda ishonchli manbalardan hisoblanadi. Shoirga uning g’azallari ko’proq Shuhrat keltirgan hamda keyingi davrdagi Eron va O’rta Osiyo shoirlari ijodiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan.