Harf-tovush yozuvi

Harf-tovush yozuvi, harfiy yozuv — har bir grafik belgi (harf) alohida bir tovushni (fonemani) yoki uning variantini (allofonni) ifodalaydigan yozuv turi; fonografik yozuv rivojidagi dastlabki sillabik (bo’g’inli) yozuv bosqichidan keyingi ushbu yozuv ba’zi manbalarda alifboli yozuv deb ham ataladi. Harf-tovush yozuvi, o’z navbatida, ma’lum ketma-ketlikdagi 2 xil ko’rinishga ega: 1) konsonant, ya’ni harflar faqat undosh tovushlarni ifodalaydigan yozuv; 2) vokallashgan, ya’ni harflar ham undosh, ham unli tovushlarni ifodalaydigan yozuv. Konsonant yozuv qad. som (finikiy) alifbosining yaratilishi bilan miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida; vokallashgan yozuv (haqiqiy ma’nodagi Harf-tovush yozuvi) esa yunonlar tomonidan finikiy yozuvining o’zlashtirilishi va unga unlilarni ifodalovchi qo’shimcha belgi (harf)lar kiritilishi bilan miloddan avvalgi 1-ming yillikning boshlarida paydo bo’lgan. Harf-tovush yozuvi boshqa yozuv turlariga qaraganda juda ko’p afzalliklarga ega. chunonchi, boshqa yozuv turlari (masalan, Xitoy ieroglifik yozuvi, yapon aralash yozuvi) yuzlab, minglab, hatto o’n minglab belgilar bilan ish ko’rgani holda Harf-tovush yozuviga asoslangan alif-bolar bir necha o’n belgi (harf)dan iborat bo’ladi. Ayni paytda bu yozuv turi savodga o’rganishda ham qator afzalliklarga, qulayliklarga ega. Harf-tovush yozuvi boshqa yozuv turlaridan mutlaqo ajralgan, «sof» holda mavjud bo’la olmaydi. Unda ma’lum ma’noda ideografik-logografik, bo’g’inli yozuvlarning ham ba’zi unsurlari uchraydi. Masalan, ya harf-belgisi 2 tovush (y + a)ni ifodalab, bo’g’inni tashkil etsa, S harf-belgisi xalqaro miqyosda kimyo, matematika, fizika sohalaridagi alohida termiilar va tushunchalarning ramzi bo’lib xizmat qiladi. (L.Fridri x I., Istoriya Pisma, Per. s nem., M., 1979; Reformatskiy A.A.. Vvedenie v yazmkovsdemie, M., 1998.