Parvon, Farvon
Parvon, Farvon — o’rta asrlarda Toxariston shaharlaridan biri. Panjhir daryosi vodiysida joylashgan. 11 -asrda bu yerdan Toxaristonning Kobul viloyati bilan chegarasi o’tgan. 10-asrda somoniylar davrida Parvonda katta va gavjum jome masjidi bo’lgan. Parvon zarbxonasida Somoniylar, G’aznaviylar, mo’g’ullar, Hulokuiylar va Temuriylar davrida pul zarb qilingan. Parvon 20-asr boshida ham o’zining qadimgi nomi bilan atalgan, so’ngra Jabal as-Siroj deb atala boshlangan. Jaloliddin Manguberdining mo’g’ullar ustidan qozongan eng yorqin g’alabasi Parvon yaqinida bo’lgan.