Hukm

Hukm (huquqda) — jinoyat protsessida sudlanuvchining aybdorligi yoki aybdor emasligi haqida sudning chiqargan qarori. O’zbekiston Respublikasi sudlari Hukmni O’zbekiston Respublikasi nomidan chiqaradi. Hukm qonuniy, asosli va adolatli bo’lishi shart. Sud Hukmni faqat sud muhokamasida tekshirilgan dalillar bilan asoslaydi. Sudning Hukmda ifodalangan barcha xulosalari asoslantirilgan bo’lishi lozim. Hukm faqat maslahatxonada yakka sud’ya yoki hay’at tomonidan qabul qilinadi va barcha holatda ham oshkora e’lon etiladi. Hukmning 2 turi mavjud: ayblov Hukmi va oqlov Hukmi. Ayblov Hukmi, o’z navbatida, 3 turga bo’linadi: jazo belgilaydigan, jazo belgilamaydigan, jazodan ozod qiladigan ayblov Hukmi. Jazo belgilaydigan ayblov Hukmi sudlanuvchining jinoyatni sodir etishdagi aybi sud muhokamasi davomida ishonchli dalillar bilan isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Faqat ayblov Hukmi bilan sudlanuvchi aybdor deb topiladi va jazoga tortiladi. Sud quyidagi hollarda jazo belgilamaydigan, ya’ni jazo tayinlamasdan ayblov Hukmi chiqaradi: mahkum sodir etgan jinoyati uchun jazo tayinlashni istisno etadigan amnistiya akti e’lon qilingan bo’lsa; mazkur jinoyat uchun ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish muddati o’tib ketgan bo’lsa; Hukm chiqariladigan vaqtga kelib, qilmish yoki uni sodir etgan shaxs ijtimoiy xavfliligini yo’qotsa; mahkumning tuzalishiga jamoat birlashmalari va jamoalar ta’sir choralarini yoki ma’muriy jazo choralarini qo’llashi bilan erishish mumkin bo’lsa; Hukm chiqarish vaqtigacha sudlanuvchi vafot etgan bo’lsa. Jazodan ozod qiladigan ayblov Hukmini chiqarish uchun quyidagilar asos bo’ladi: sudlanuvchini jazodan ozod qiluvchi amnistiya akti e’lon qilinsa; shaxsning Hukm chiqqunga qadar qamoqda bo’lgan vaqti tayinlangan jazo chorasiga teng yoki bu choradan ortiq bo’lsa. Oqlov Hukmi: jinoiy hodisa yuz bermagan bo’lsa; sudlanuvchi tomonidan sodir etilgan qilmishda jinoyat tarkibi bo’lmasa; jinoyatni sodir etishda sudlanuvchining ishtiroki isbotlanmasa chiqariladi. Sudda ish qaysi tilda ko’rilgan bo’lsa, Hukm shu tilda, aniq va tushunarli iboralarda bayon qilinadi va 3 qismdan: kirish, tavsif va qaror qismlaridan iborat bo’ladi. Ayblov Hukmi 10 kun muddat ichida, oqlov Hukmi e’lon qilingan vaqtdan boshlab kuchga kiradi. Hukm ustidan apellyatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida shikoyat va protest keltirilishi mumkin. Zumrad Inog’omjonova.