Hotamov Orifxon
Hotamov Orifxon (1927.10.10, Jizzax — 2002.25.9, Toshkent) — xonanda, sozanda (tanbur, g’ijjak), bastakor. O’zbekiston xalq hofizi (1993). Milliy mumtoz musiqa (maqom, ashula, katta ashula, bastakorlik) san’atining yirik vakili. Toshkent musiqa bilim yurtini g’ijjak ixtisosligi bo’yicha tugatgan (1954). Hofizlik va tanbur chalish yo’llarini ustozi J.Sultonovdan o’zlashtirgan. Muqimiy teatri (1944), O’zbek davlat Filarmoniyasi (1945-50), O’zbek radiosining xalq cholg’ulari orkestri (1956-59), etnografik ansambli (1959-76), Maqom» ansambli (1976-89) da sozanda, ayni paytda M.Uyg’ur nomidagi san’at instituti (1989-99), Toshkent konservatoriyasi (1999 yildan)da pedagog. Repertuaridan katta ashula («Ohkim», «Daydi Tanavor», «bo’lmish» va boshqalar), mumtoz ashula («Feruz», «Abdurahmonbegi», «Hanuz», «Qo’shchinor», «Suvora» va boshqalar) va maqom yo’llari («Dugoh Husayn», «Bayot» kabi), 20-asr bastakorlari («sodirxon ushshog’i», S.Bobosharipov; «Ul kun jonon», J.Sultonov; «Dog’man», K.Otaniyozov va boshqalar) hamda o’zbek mumtoz va zamonaviy shoirlar g’azallariga o’zi bastalagan («Naylayin», «Qoshi Yosinmu deyin», «qora bo’libdur», Navoiy; «Sensan sevarim», Lutfiy; «yor o’tdimu», S.Zunnunova; «holimni So’rmaysan», sadoiy; «ohista-ohista», T.To’la; «Subhidam», P.Mo’min; «Vatandir», «Paydo bo’libdur», Chustiy va boshqalar) asarlari o’rin olgan. Hotamov kuchli, ko’lami keng, shirador va dardli ovoz sohibi. Hotamovning o’ziga xos ijro va ijodiy uslubi nozik did, teran mazmundorligi bilan ajralib turadi. Ko’p yillar davomida Hakimjon Fayziyev, keyinchalik o’g’illari Axrorxon va Ismoilxonlar bilan hamnafaslik qilib, ovozlar ravonligi va mutanosibligi, tanbur-dutorning dilkash muloqotiga asoslangan jo’rovoz yo’lida ijod qilgan. Ijrolari va bastakorlik asarlari O’zteleradiokompaniyasi fonotekasiga, bir necha gramplastinka va kompakt diskga yozilgan. «Do’stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997). Ad.: Begmatov S, Orifxon Hotamov, T., 2000. Rustam Abdullayev.