Hamroyev Rashid Hamidovich
Hamroyev Rashid Hamidovich (1937.27.8, Buxoro — 1985.5.9, Toshkent) — kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1984). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1961). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida kafedra mudiri (1961-76), Toshkent madaniyat instituti dotsenti (1974 yildan). Yirik musiqiy-sahnaviy va simfonik musiqa janrlarida ijod qilib, «Zulmatdan ziyo» (1965), «tong oldidan» (1972), «Shayx San’on» (1980) operalari, 4 simfoniya (1965-85), fortepiano (1961), skripka (1973) va orkestr uchun kontsertlar, «Abu Ali ibn Sino» vokal-simfonik poemasi, shuningdek, torli kvartet, turli kamer musiqa asarlari, musiqali dramalar kabi milliy ohanglar bilan sug’orilgan, dramatik va lirik jozibador asarlar muallifi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1966).