Himolay tillari
Himolay tillari — Nepalda va Hindistonning unga qo’shni hududlarida tarqalgan, yagona guruh bo’lib tashkil topmagan bir qancha tillarning umumlashma nomi. Himolay tillarida 3,4 milliondan ortiqroq kishi so’zlashadi. Nepalning Janubi-g’arbidagi deyarli o’lik tilga aylangan kusunda tilining biror til oilasiga qarindoshligi aniqlanmagan, qolgan. Himolay tillari esa Xitoy-Tibet tillari oilasining Tibet-birma tarmog’iga mansub. Himolay tillari g’arbiy Himolay va Sharqiy Himolay guruhlariga ajraladi. Hindistonda, Nepal chegarasidan g’arbroqda, 60 mingdan ortiqroq kishi g’arbiy Himolay guruhiga kiruvchi kanauri, kanashi, laho’li, manchati, bunan, rangkas tillarida so’zlashadi. Qadimgi Tibet diniy kitobi yozilgan (o’lik) jang-jung tilining ham shu guruhga kirishi taxmin qilinadi. Nepalning g’arbiy qismida magar V* (300 mingdan ortiq kishi so’zlashadi), che-pang (15 ming kishi) va kham (45 ming kishi) tillari alohida guruhchani, Nepalning Markaziy qismidagi gurung (500 mingga yaqin kishi) va Tamang (570 mingga yaqin kishi) tillari Tibet guruhidagi ayrim guruhchani tashkil etadi. Katmandudan Janubroqda Nepalda o’z yozuvi va adabiyotiga ega bo’lgan Himolay tillaridan nevar tili (1 millionga yaqin kishi) tarqalgan. Nepal sharqidagi ko’plab tillarda 800 mingga yaqin kishi so’zlashadi va bu tillar Sharqiy Himolay guruhini tashkil etadi. Bu guruh, o’z navbatida, bir-biridan jiddiy farq qiluvchi 2 guruhchaga ajraladi: ularning birida Limbu (260 ming kishi), yakho, khambu tillari, ikkinchisida esa sunvar (25-27 ming kishi), baxing, Rai tillari kengroq qo’llanadi. Hindistonning Sekkim shtatida Rong (lepcha) tili (35-40 ming kishi) asosiy til hisoblanib, u 17-asr oxirida yaratilgan o’ziga xos yozuvga ega. Yanada Janubroqda dhimal tili tarqalgan. Aksariyat Himolay tillarining asosiy tipologik belgilaridan biri — kuchsiz olmoshlik belgisiga ega bo’lgan suffikslarning, ba’zan prefikslarning fe’lga qo’shilib kelib, harakat sub’yektining shaxsi va sonini ifodalashidir. Affikslar nafaqat sub’yektni, balki ob’yektni ham ko’rsatishi mumkin. Bu tillarda, shuningdek, ot turkumidagi so’zlar jonli va jonsizlikni bildiruvchi shakllar bilan farqlanadi. Himolay tillarining munda tillariga aloqadorligi bor, degan taxminlar uchraydi.