Hoji Muin Shukrullo o’g’li
Hoji Muin Shukrullo o’g’li (1883.15.3, Samarqand — 1942.27.7, Rossiya, Perm viloyati Solikamsk shahri) — ma’rifatparvar, shoir. 1901 yilda haj safaridan qaytgach, maktab ochib, bolalarni o’qitgan. Avval eski usulda, 1903-16 yillar yangi usulda muallimlik qilgan. Ilgor jadid muallimi sifatida tanilgan. «Rahnamoi savod» Alifbe darsligini yozgan (1908). «Samarqand» gazetasi va «Oyna» jurnalida ishlagan (1913-15). Rossiyada mardikorlikda bo’lgan (1916— 17). Samarqandga qaytgach, «Hurriyat» (1917— 18), «mehnatkashlar o’qi», «Mehnatkashlar tovushi» (1918-22), «Zarafshon» (1922 — 26), «ovozi tojik» (1926-29) gazetalari, «tayoq» (1919), «mashrab» (1922-26), «Mushfiqiy» (1926— 29) jurnallarida ishlagan. 1929 yilning 29 sentabrdan 3 yil Sibirda surgunda bo’lgan. Surgundan qaytgach, O’zbekiston davlat nashriyotining tojik bo’limida adabiy xodim (1932— 34), «qizil Yulduz» gazetasi muxbiri (1934-37). 1938 yil 24 yanvarda nohaq hibsga olinib, NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan 10 yilga qamalgan. Hukmni o’tash chog’ida halok bo’lgan. Hoji Muinning ijodi 1900 yillardan she’rlar yozish bilan boshlangan. «Nahif» (Ojiz), «Mehriy» taxalluslari bilan an’anaviy mavzularda she’rlar yozgan. 1908 yilda ijodiy qarashlarida keskin burilish bo’lib, M.Behbudiy ta’sirida ma’rifatparvarlik ruhida she’rlar va publisistik maqolalar yoza boshlagan. «Guddastai adabiyot» (1914), «yangi adabiyot» (1915) she’riy to’plamlarini chop ettirgan. Fitratning «Munozara» asarini o’zbek tiliga tarjima qilgan (1913). Turkiston matbuotida publitsistik maqolalari bilan faol qatnashgan. 1914 yilda Nusratullo Qudratullo o’g’li bilan «to’y» pyesasini yozgan va chop ettirgan. «To’y» M.Behbudiyning «Padarkush»idan keyin sahnalashtirilgan 2-o’zbek pyesasidir. «Eski maktab — yangi maktab», «ko’knori», «Mazluma xotin» pyesalarini yozib, ularni alohida kitob holida chop ettirgan (1915). As.; Tanlangan asarlar, T., 2005. Ad.: Ziyo Said, O’zbek vaqtli matbuot tarixiga materiallar [tanlangan asarlar], T, 1974. Rustam Tojiboyev.