Ohaktoshlar

Ohaktoshlar — karbonatli cho’kindi tog’ jinslari. Tarkibi 50%dan ortiq kaltsitdan yoki organizmlarning skeleti koldiklaridan, ba’zan aragonite minerali (SaSO3)dan iborat. Ko’pincha tarkibida autigen, diagenetik va epigenetik minerallar, chakiq (terrigen va karbonat) zarralar aralashmasi uchraydi. Ohaktoshlarning tarkibida 4— 17% gacha MgO bo’lsa, dolomitli Ohaktoshlar; 6 — 21% SiO2+R2O, — mergelli Ohaktoshlar; kvars, opal va xaltsedon qo’shilsa — qumtoshli va kremniylashgan Ohaktoshlar deb yuritiladi. Strukturasi kristalli, organogen-chakikli, chaqikli-kristalli va sizib to’plangan (travertin, ohakli tuf) turlari fark qilinadi. Rangi oqish, sarg’ish, bo’zrang. Ko’pincha ohaktosh ichida chig’anoqlar ham bo’ladi. Hosil bo’lishiga ko’ra, organogen, xemogen yoki kimyoviy, chaqiq bo’ladi. Tarkibidagi jins hosil kiluvchi organizmlarning ko’pligiga ko’ra, organogen Ohaktoshlar, foraminiferali, marjonli, suvo’tli va boshqalar; xemogen va chaqiqlari (zarralar) ning kattaligiga karab bir necha xilga bo’linadi. Metamorfizm natijasida Ohaktoshlar marmarga aylanadi. Ohaktoshlar eng ko’p tarqalgan cho’kindi tog’jinslaridan biri, Yerning turli relf shakllarida ishtirok etadi. Ohaktoshlar barcha yoshdagi (tokembriydan to’rtlamchi davrgacha) yotqiziqlarda uchraydi. Ohaktoshlarning fizik-mexanik xossalari ularning strukturasi va tuzilishiga bog’liq bo’lib, juda keng chegarada o’zgaradi, masalan, hajmiy og’irligi 800 kg/m3 dan (chig’anoqtoshlar, travertin) 2800 kg/m3 gacha (kristalli strukturali Ohaktoshlar). Chig’anoqtoshlar va g’ovakli Ohaktoshlar nisbatan oson kesiladi hamda yo’niladi, kristalli Ohaktoshlar esa, yaxshi silliqlanadi. Ohaktoshlar sanoatda, qishloq xo’jalik va qurilishda keng qo’llaniladi. Qora metallurgiyada rudaning erishini oshirish va shlak hosil qilish uchun qo’shiladigan modda (flyus) sifatida; ohak va tsement ishlab chiqarishda xom ashyo; soda, mineral o’g’itlar, shisha, qog’oz ishlab chiqarishda, neft mahsulotlarini tozalash va boshqa jarayonlarda qo’shimcha modda sifatida ishlatiladi. Ohaktoshlar muhim qurilish materiallari guruhini tashkil qiladi, ulardan qoplovchi va bezak toshlar, haykaltaroshlik va me’morlikda ishlatiladigan toshlar va hokazolar tayyorlanadi. O’zbekistonda ko’plab Ohaktoshlar qazib olinadigan konlar, yirik ishlab chiqarish birlashma korxonalari («O’zsanoatqurilishmateriallari», «O’zavtoyo’l», Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari va boshqalar) tomonidan ishlatilmoqda.