Ocharchilik

Ocharchilik — iqtisodiy tanazzul, inqiroz va tanglik oqibatida jamiyat miqyosida yuzaga keladigan keskin oziq-ovqat tanqisligi. Ocharchilik ijtimoiy hodisa bo’lib, urushlar, qurg’oqchiliklar, tabiiy ofatlar, zilzilalar, har xil ekologik falokatlar va boshqa tabiiy hodisalar natijasida muayyan mamlakatda ommaviy tus olishi mumkin. Ocharchilik 2 xil: ochiq (mutlaq Ocharchilik) va yashirin (nisbiy Ocharchilik — to’yib ovqat yemaslik, ovqatlanish ratsionida hayotiy zarur oziq-ovqat turlarining yetishmasligi) ko’rinishlarda namoyon bo’ladi. Har ikki shaklda ham Ocharchilik og’ir oqibatlarga — turli yuqumli va ruhiy kasalliklarga, aqliy va jismoniy rivojlanish jarayonlarining izdan chiqishiga, nogironlarning ko’payishiga, ko’plab bevaqt o’limga olib keladi. Ocharchilik ibtidoiy jamoa tuzumi davrida ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiyotining pastligi va insonning tabiatga nihoyatda qaramligi oqibatida sodir bo’lgan. Jamiyatda ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasiga qarab bu qaramlik tobora kamayib bordi. Sobiq Sovet davlatidagi qurg’oqchilik natijasida 1921-22, 1927, 1931-32 yillarda sodir bo’lgan dahshatli Ocharchilik millionlab odamlarning yostig’ini quritdi. 2-jahon urushi (1939— 45) yillarida butun Yevropa Ocharchilik komiga tortilgan edi. BMT ma’lumotlariga qaraganda 1975 yilda dunyoda 500 million, 1990 yilda salkam 620 million aholi Ocharchilikka mubtalo bo’lgan va 1998 yilda 841 millionga yaqin aholi to’yib ovqatlanishdan mahrum bo’ldi. Qishloq xo’jalik ekinlari hosildorligi past va qoloq texnikaga ega bo’lgan Afrika va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida millionlab aholi Ocharchilikdan qutilgan emas. Jahon hamjamiyati, jumladan, taraqqiy etgan mamlakatlar — AQSh, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Kanada va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga qishloq xo’jalik ekinlari hosildorligini oshirishda va tabiiy ofatlarni hamda fuqarolik urushlari oqibatlarini bartaraf etishda yaqindan yordam bermoqda. Jahonda aholi sonining ortib borishi bilan oziq-ovqat muammosi tobora dolzarb muammoga aylanadi. Mamlakatlarda oqilona demografik siyosat, ekin maydonlarini kengaytirish, texnologiyalarni mukammallashtirish hisobiga ekinlar hosildorligini va yalpi hosilini muttasil oshirish Ocharchilik muammosini bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega. Muhammadjon Ishmatov.