Oqsillar, proteinlar
Oqsillar, proteinlar — hamma tirik mavjudotlar tarkibiga kiradigan murakkab, azot tutuvchi organik moddalar. Oqsillar tirik materiyaning tuzilishida, shuningdek, uning hayot faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Hujayra tarkibida bir necha ming xil Oqsillar mavjud bo’lib, ularning har biri ma’lum bir vazifani bajaradi. Shuning uchun ular proteinlar (Yunoncha protos — birinchi, eng muhim) deb ataladi. Oqsillar hujayra quruq vaznining ¾ qismini tashkil etadi. Ma’lumki, hamma organizmlarning Oqsillari, ularning har xil biologik faolligidan qat’i nazar, bir xil 20 ta standart aminokislotadan tashkil topgan bo’lib, bu kislotalar alohida hech qanday biologik faollikka ega emas. Oqsillarning bir-biridan kimyoviy farqi, ulardagi aminokislotalarning ketma-ketligiga bog’liq. Aminokislotalar oqsil tuzilmasining alifbosi bo’lib, ularni turli tartibda biriktirib, cheksiz sondagi ketma-ketliklarni, ya’ni cheksiz miqdordagi har xil oqsillarni olish mumkin. Masalan, har bir tur organizmda bir necha ming xil Oqsillar mavjud bo’lib, ular turlarining soni 10 million atrofida. Matematik izlanishlar shuni ko’rsatadiki, 20 ta aminokislotadan hosil bo’lishi mumkin bo’lgan Oqsillar izomerlarining og’irligi yer shari og’irligidan og’irroq bo’lar ekan. Oqsillar makromolekulalar bo’lib, ularning molekulyar moddasi bir necha mingdan bir necha millionga teng. Oqsillar molekulasining qurilish ashyosi sifatida a-aminokislotalar xizmat qiladi. a-aminokislotaning bir uglerod atomiga (a-uglerod atomi) aminoguruh va karboksil guruh birikadi. Oqsillarda 20 ta a-aminokislota uchraydi, ular bir-biridan R-guruhi bilan farq qiladi, u gidrofil yoki gidrofob, asosli, kislotali yoki neytral bo’lishi mumkin. Oqsillardagi aminokislotalar bir-biri bilan peptid bog’lari, ya’ni amid bog’lari bilan birikkan, bu bog’bir aminokislota a-karboksil qoldig’ining ikkinchi aminokislota a-aminoguruxli qoldig’i bilan bog’lanishi hisobiga hosil bo’ladi. Shu ko’rinishda tuzilgan polimerlar peptidlar deb ataladi, Di-, tri-, tetra — va hokazolar deb nomlangan old qo’shimchalar, molekula tarkibidagi aminokislota qoldiklari soniga bog’liq, masalan, dipeptidda 2 ta qoldiq, tripeptidda — uchta qoldiq va boshqalar. Uncha katta bo’lmagan aminopeptidlardan farqli o’laroq, polipeptidlar 20 yoki undan ortiq (oqsil tabiatiga ko’ra, taxminan 50 tadan 2500 tagacha) aminokislota qoldiqlari tutadi. Oqsillarda ketma-ket joylashgan aminokislota qoldiqlari uzun zanjirni yoki Oqsillarning birlamchi tuzilmasini tashkil etadi. O’z navbatida, o.ning xar xil joyida joylashgan aminokislota qoldiqlari tarkibidagi kimyoviy moddalar o’zaro xar xil bog’lar bilan bog’lanishi natijasida o.ning murakkab ikkilamchi, uchlamchi va to’rtlamchi tuzilmalari hosil bo’ladi. Yuqori tuzilishdagi tuzilmalar fizik va kimyoviy omillar (yuqori harorat, kislota, ishqor va boshqalar) ta’sirida quyi tuzilishdagi shakllarga qaytadi (bu hodisa Oqsillar denaturasiyasi deb ataladi), natijada ular o’z biologik faolligini yo’qotadi. Ammo ayrim hollarda tashqi ta’sir yo’qotilsa, Oqsillar yuqori ko’rinishdagi shakllariga qaytadi. Oqsillar tuzilishi va vazifalari bo’yicha xilma-xil. Tuzilishiga ko’ra, 2 katta guruhga bo’lish mumkin: globulyar va fibrillyar. Globulyar Oqsillar, asosan, sferik yoki ellips shaklida bo’lib, ular tarkibiga boshqa guruh moddalar xam qo’shilgan (prostetik guruh). Masalan, gemoglobin globin va gemning qo’shilmasidan hosil bo’lgan, shuning uchun uni yana gemoproteid deb ham atashadi. Lipid tutuvchi Oqsillar lipoproteidlar, uglevod tutuvchilar — glikoproteidlar, metall tutuvchilar — metall proteidlar deyiladi. Fibrillyar Oqsillar — bir yoki bir necha polipeptid zanjirdan tashkil topgan moddalar. Ular uzun ip ko’rinishida bo’ladi. Biriktiruvchi to’qima (aktin, miozin, kollagen), soch, teri (a-keratin) Oqsillari bunga misol bo’la oladi. Fibrillyar Oqsillar, asosan, qurilish ashyosi yoki himoya vazifasini bajaradi. Oqsillarning biologik vazifalari bo’yicha kuyidagi tasnifi mavjud: fermentlar (tripsin, ribonukleaza), tashuvchi Oqsillar (gemoglobin, zardob albumini, mioglobin), oziq-ovqat va zaxira Oqsillari (tuxum albumini, sutdagi kazein, ferritin), qisqaruvchi va harakat Oqsillari (aktin, Miozin), tuzilma Oqsillari (kollagen, proteoglikanlar, kreatin), himoya Oqsillari (antitelolar, fibrinogen, trombin, ilon zahari, bo’g’ma qo’zg’atuvchisining toksini), nazorat qiluvchi Oqsillar (insulin, kortikotropin, o’sish gormoni) va boshqalar. Oqsillarni ajratib olish, ulardagi aminokislota qoldiklarini aniqlashda kimyo va molekulyar biologiya fanlarining usullaridan (dializ, gelfiltrasiya, elektroforez, xromatografiya, sekvenatsiya va boshqalar) foydalaniladi. Ad.: Leninjer A., Osnovi bioximii, v 3 tomax, M., 1985; Uayt A., Xendler S, Smit E. i dr. Osnovi bioximii, v 3 to-max, M., 1981. Muhsim Zokirov.