Obraz, badiiy obraz
Obraz, badiiy obraz— voqelikni faqat san’atga xos usulda o’zlashtirib va o’zgartirib xarakterlovchi estetik kategoriya. Shuningdek, badiiy asarda ijodiy qayta yaratilgan har qanday voqea ham Obraz deb yuritiladi. Obrazda ob’yektiv anglash bilan sub’yektiv ijodiy tafakkur qorishib ketadi. Badiiy Obrazning o’ziga xos xususiyatlari real voqelikka va fikrlash jarayoniga bo’lgan munosabatda aniq namoyon bo’ladi. Obraz voqelikning badiiy in’ikosi sifatida Real mavjud ob’yektning hissiy aniq, tayin zamon va makonda davom etgan, moddiy tugal, o’zicha etuk xususiyatlariga ega bo’ladi. Badiiy Obrazni Real ob’yekt bilan chalkashtirmaslik kerak; u shartlilik, ramziylik xususiyati bilan Real voqelikdan farq qiladi va asarning ichki «illyuziyali» olamini tashkil qiladi. Obraz voqelikning oddiy in’ikosi bo’lmay, balki uni umumlashtirib, aloqida, o’tkinchi, tasodifiy hodisaning eng mohiyatli, o’zgarmas-muqim, adabiy jihatlarini ochib beradi. Mavhum tushunchadan farqli ravishda Obraz ko’rgazmalilik xususiyatini namoyon etadi, u voqealarni mavqum mulohazalar bilan emas, balki hissiy yaxlit, bir butun takrorlanmas tarzda aks ettiradi. Obrazning badiiyligi mavjud voqelikni aks ettirish va uni anglash xususiyati bilan belgilanmaydi, balki badiiylik Obrazning misli ko’rilmagan, yangi o’ylab chiqarilgan dunyo yarata olish imkoniyatida yuzaga chiqadi. Obrazda ob’yektiv mavjud va muhim jihatlar bilan birga, bo’lishi mumkin bo’lgan, mo’ljaldagi, xohishdagi, ya’ni turmushning emotsional-irodaviy tomonlariga munosabat, uning ko’rinmas, ichki imkoniyatlari bilan bog’liq xususiyatlar ham muxrlangan bo’ladi. Shuningdek, badiiy Obrazda xayolot, bo’yoq, tovush, so’z va boshqalarni ijodiy ishlash yo’li bilan san’at asari yaratiladi. Obraz murakkab tuzilish va murakkab ko’rinishga ega; u borliq bilan ruhiy dunyoning bir-biriga o’tishidagi barcha momentlarni o’z ichiga oladi. Badiiy Obraz vositasida sub’yektivlik bilan ob’yektivlikning, yakka holat bilan umumiylikning, ideallik bilan reallikning o’zaro muvofiq munosabatlari ijodiy ishlab chiqiladi. Badiiy asarda Obraz so’z vositasida yuzaga chiqariladi. Adabiy asarning materiali ashyoviy asosdan (bo’yoqlar, marmar, tosh va boshqalar) emas, balki belgilar tizimi, til, so’z materialidan iborat bo’lgani uchun ham so’z bilan ifodalangan Obrazda ko’rgazmalilik tomoni plastik Obrazga nisbatan kam aks etadi. Shoir hatto konkret-tasviriy so’zlardan foydalanganda ham, predmetning ko’zga ko’rinadigan qiyofasini emas, assosiativ aloqadagi mazmuniy ko’rinishini yaratadi. Badiiy Obrazning muhim vazifasi uning hayotdagidek salmoqdorlik, yaxlitlik va jonlilikka ega bo’lishidir. Ad., Xrapchenko M. B., Gorizonti Xudojestvennogo obraza, M., 1982; adabiyot nazariyasi [2 j.li], T., 1978; Izzat Sulton, adabiyot nazariyasi, T., 1980. Bahodir Karimov.