Otchopar, Ippodrom
Otchopar, Ippodrom — yo’rtoqi va chopqir otlarni sinash (sovitish) hamda ot sporti musobaqalarini o’tkazish uchun mo’ljallab maxsus jihozlangan joy; bu sinov va musobaqalarni o’tkazishni tashkil qiluvchi muassasa. Otchoparda otlarni yo’rttirib chopish va poyga o’tkazish uchun mo’ljallangan halqasimon (doira) berk yo’lkalar, tomoshabinlar uchun mo’ljallangan minbarli inshoot (asosan, finish yo’lkasi bo’ylab quriladi), hakamlar uchun mo’ljallangan Minora (odatda, finish chizig’i ro’parasiga quriladi) bo’ladi. Yo’lkalar ichida turli-tuman ot sporti musobaqalarini o’tkazish uchun mo’ljallangan maydonchalar va ot bilan sakrab o’tiladigan to’siq- qurilmalar qilinadi. Otchoparda yordamchi va xo’jalik inshootlari va binolari (yopiq manejlar, otxonalar, ot taqalash ustaxonasi, veterinariya lazareti, karantin xonalari va boshqalar) ham bo’ladi. Otchopardagi yo’lkalarning poyga o’tkazish, otlarni yo’rttirib chopish va aralash xillari bo’ladi. Poyga o’tkazish yo’lkasida ot poygasi o’tkaziladi, otlarni yo’rttirib chopish yo’lkasida otlar yo’rttirishga va yuk tortishga sinaladi, aralash yo’lkada ham poygalar o’tkaziladi, ham otlar sinaladi. Yo’lkalar, asosan, ellips shaklida bo’ladi. Yo’lkalarga chim yoki yumshoq rezina qoplanishi mumkin. Chimli yo’lkalar chopqir otlar uchun, rezina qoplangan yo’lkalar yo’rtma otlar uchun yaraydi. Yo’lkalarning uzunligi 1600-2000, 2400— 3000 metr bo’lishi mumkin. Otchopar dunyoning deyarli barcha yirik shaharlarida bor. Ba’zi Otchoparlarda totalizatorlar (otlarga pul tikiladigan joylar) ham bo’ladi. O’zbekistonda ot sporti (uloq, «qiz quvish» va boshqalar) qadimdan rivojlangan. Bular keng adirlarda o’tkaziladi, maxsus Otchoparlar qurilmaydi. Toshkentda yaxshi jihozlangan va dunyo me’yorlari talablariga javob beradigan Otchopar 1976 yil qurilgan (me’morlar R. U. Asanov, E. I. Gusarova). Ungacha (20- asr boshidan) ot poygasi musobaqalari Qo’yliqdagi eski Otchoparda o’tkazilgan.