Onkologiya

Onkologiya (Yunoncha onkos — shish, o’sma va … logiya) — tibbiy-biologik fan; odam, hayvon va o’simliklarda onkogenezni nazariy, eksperimental va klinik jihatdan o’rganadi va o’smalarni aniqlash, davolash hamda oldini olish usullarini ishlab chiqadi. Eksperimental va klinik Onkologiya farq qilinadi. Onkologiya 20-asrda eksperimental tibbiyot yutuqlari (o’sma hujayralarini ko’chirib o’tkazish, keyinchalik esa tashqaridan ta’sir etib, hayvonlarda o’smalar hosil qilish) asosida shakllandi. O’smalar insoniyatga juda qadimdan ma’lum (Gippokrat, K. Galen), unga oid dastlabki yozma manbalar miloddan avvalgi Misr, Xitoy va Hindistonda topilgan. Onkologiyaning rivojlanishida, ayniqsa, Gippokrat, Ibn Sino, nemis olimi R. Virxov, rus olimlari M. A. Novinskiy, N. N. Petrov va boshqalarning xizmatlari katta. Eksperimental Onkologiya (M. A. Novinskiy asarlaridan boshlangan, 1876) va nazariy Onkologiyada o’sma hosil qiluvchi omil turiga qarab 3 asosiy yo’nalish: virus Onkologiyasi (frantsuz olimi A. Borrel, 1903, amerikalik olim F. P. Raus, 1911), kimyoviy Onkologiya (yapon olimlari K. Yamagiva va K. Itikava, 1915) va radiatsion Onkologiya (frantsuz olimi A. Lakassan, 1932) va boshqalar shakllandi. Rus olimi L. A. Zilber o’smalarning virus-genetik nazariyasini ishlab chiqdi. Klinik Onkologiyaning jadal rivojlanishi xirurgiya, radiologiya, kimyoterapiya, immunologiyaning muvaffaqiyatlari bilan bog’liq. Gippokrat xavfli o’smalar kelib chiqishida tashqi omillarga alohida ahamiyat bergan, bunda u bemorga ruhiy va jisman sifatlarini mujassamlashtirgan holda, har biriga xos (individual) yondoshish kerakligini aytgan. Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari» kitobida o’zining shaxsiy eksperimental va klinik tajribalari bilan birga o’smalarning kelib chiqishi, belgilari, ularni taniy olish va davolash usullarini qam bayon qilgan. R. Virxovning hujayra patologiyasi nazariyasi tibbiyot, jumladan, Onkologiya tarixida keskin burilish yasadi. Eksperimental Onkologiyaning asoschisi M. A. Novinskiy dunyoda birinchi bo’lib hayvonlarda xavfli o’smalarni biridan-biriga ko’chirib o’tkazib, o’smalarning eksperimental shtammlarini hosil qilish uchun yo’l ochdi. N. N. Petrovning nazariy va amaliy Onkologiyaga qo’shgan hissasi ulkan. Uning «o’smalar xaqida umumiy ta’limot» (1910) monografiyasi Onkologiya tarixida shifokor-onkologlarning ilk dasturi bo’lib qoldi va o’smalar haqidagi bilimlarning keng tarqalishiga olib keldi. O’zbekistonda Onkologiya fanining rivojlanishi P. F. Borovskiy, L. D. Vasilenko va boshq olimlar nomi bilan bog’liq. 1931 yilda Toshkentda O’zbekiston rentgen-radiologiya va o’sma ilmiy tadqiqot instituti ochilib, 1940 yilgacha faoliyat ko’rsatishi, 1946 yilda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida Onkologiya kafedrasi ochilishi, 1958 yilda O’zbekiston rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy tadqiqot instituti tashkil etilishi, respublikadagi barcha tibbiyot institutlarida onkologiya kafedralari faoliyat ko’rsata boshlashi Onkologiya sohasida keng ko’lamda tadqiqotlar olib borilishiga imkon berdi. O’zbekiston onkologlari tomonidan o’smalar bilan birga uchraydigan kasalliklar, quyosh nurining o’sma to’qimalaridagi almashinuvga ta’siri (J. M. Abdurasulov, K. E. Nikishin va boshqalar), o’sma kasalliklari epidemiologiyasi va onkologik yordamni tashkil etish (N. Q. Murodxo’jayev, K. G. Bobrina), xavfli o’smalar immunologiyasi masalalari (A. I. Nikolaev), o’smalarni rentgenologik (J. M. Abdurasulov), ultratovush (A. A. Fozilov) va radioizotop (N. Q. Murodxo’jayev) usullar orqali aniqlash yo’llari takomillashtirildi. Xavfli o’smalarning eksperimental, kimyoviy va radiatsion kantserogenezi masalalari, onkologik kasallarni operasiya qilib davolash ishlari yo’lga qo’yiladi. Onkologiya markazida o’smani ultratovush, elektr magnit maydoni (SVCH, UVCH), lazer nuri va fizik omillar yordamida mahalliy hamda umumiy giperterapiya usullarini qo’llagan holda kompleks davolashning yangi usullari ishlab chiqildi. Onkologiya fani hozirgi 3 yo’nalishda rivojlantirilmoqda: 1) normal hujayradan rak hujayraga o’tish mexanizmini fundamental usullar orqali echish; 2) aholi o’rtasida ushbu kasallikka moyil bo’lgan va klinik belgilari yuzaga chikmagan kishilarda raknn immunologik usullar bilan aniqlash; 3) xavfli o’smalarni immunologik usullar bilan davolashni takomillashtirish. Xavfli o’sma ko’pincha o’lim bilan tugaydi. Shuning uchun deyarli hamma mamlakatlarda unga qarshi kurash olib boriladi. Bu ishga Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti, xalqaro Rakka qarshi kurash Ittifoqi va agentligi rahbarlik qiladi. Hozirgi O’zbekistonning yirik shahar va qishloqlarida Onkologiya dispanserlari va markazlari faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi Onkologiya markazi, respublika va shahar onkologiya dispanseri, shuningdek, tibbiyot institutlarining Onkologiya kafedralarida Onkologiyaning eng dolzarb masalalari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Narimon Murodxo’jayev.