Nasx
Nasx (Arabcha — bekor qilish) — Qur’on oyatlaridan ayrimlarining qiroati va yozuvini o’zgarishsiz saqlagan holda, ularni faqat amaldan qoldirish, tatbiq etmaslik. Shu kabi oyat — «mansux» (bekor qilinuvchi), uni bekor qiluvchi oyat — «nosix» deb ataladi. Islom tarixiga ko’ra, Qur’on oyatlari yaxlit emas, balki vaqt-vaqti bilan, zarurat va ehtiyojga ko’ra, 23 yil mobaynida nozil qilingan. Bu asnoda shariatning ayrim hukmlari oyat va hadislar ko’rsatmasi bilan yangilanib turgan. Shuning uchun ba’zi oyatlar mazmuni bir-biriga zid tuyuladi. Bunday vaqtda ulardan qaysi biri keyin nozil qilingan bo’lsa, o’shanisi nosix, oddin nozil qilingani esa, mansuxdir.