Narx indeksi
Narx indeksi — muayyan davr davomida narxlarning nisbiy o’zgarishlari ko’tarilishi yoki pasayishi, dinamikasi ko’rsatkichi. Narx indeksi yakka va yig’ma Narx indeksiga bo’linadi. Yakka Narx indeksi kuzatiladigan (hisobot) yildagi muayyan tovar narxining bazis davrdagi narxga nisbatiga, yig’ma Narx indeksi hisobot davrida amaldagi narxlarda sotilgan tovarlar guruhi qiymatining bazis davri narxlaridagi qiymati nisbatiga teng va foizlarda hisoblanadi. Ayrim mamlakatlarda, masalan, Buyuk Britaniyada tovarlar va xizmatlarning chakana narxlari indeksi taxminan 130 mingdan ortiq turli tovarlar narxlari asosida Markaziy statistika byurosi tomonidan hisoblab chiqiladi va har oyda e’lon qilinadi.