Oolitlar
Oolitlar (Yunoncha oon — tuxum va lithos — tosh) — temir, marganesning yumaloq va ellips shaklidagi oksid va silikat birikmalari. Oolitlar tarkibida, odatda, kaltsit, dolomit, aragonit, rodoxrozit, leptoxlorit va boshqa minerallar ham bo’ladi. Mayda (mikroskopik) zarra holidan no’xat kattaligigacha o’lchamda uchraydi. Oolitlarning 2-5 millimetr kattalikdagilari pizolitlar deb ataladi. Oolitlarning markaziy qismiga, ko’pincha, mayda qum zarralari yoki hayvon chig’anoqlari joylanib, ularning atrofida qat-qat Oolitlar to’plangan bo’ladi. Oolitlar okean, dengiz va kaynar buloqlar tubida vujudga keladi. Rossiyada (Ural va Kerch yarim oroli) temirli Oolitlar (temir rudasi xili) konlari bor. O’zbekistonda temirli Oolitlar paleogen gil qatlamlarida topilgan.